O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Kuvaytda keng targ‘ib etilmoqda

O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Kuvaytda keng targ‘ib etilmoqda

Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlagan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda kuvaytlik yirik tadbirkorlar, investorlar va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekistonda sayyohlarga xalqaro andozalar asosida xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizda xorijlik turistlarni qabul qilish uchun zamonaviy mehmonxona va logistika infratuzilmasi yaratilgani, qiziqarli sayohat va dam olish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Kuvayt fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish bo‘yicha 10 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani va "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg‘ona shaharlariga reyslari yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.

Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlarimiz, mamlakatimiz tabiatining go‘zalligi va rang-barangligi, O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari, urf-odatlari va bayramlari sayyohlarni faol jalb qilayotganiga urg‘u berildi.

O‘z navbatida, Kuvayt vakillari O‘zbekistondagi YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining sayyohlik imkoniyatlarini yuqori baholashdi.

Kuvayt tomonining aytishicha, o‘zining mahobatli me’moriy inshootlari, go‘zal tabiat manzaralari va, albatta, o‘zbek xalqining samimiy mehmondo‘stligi bilan uyg‘unlashgan tarixiy shaharlari dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda.

Tadbir yakunida mamlakatimiz sayyohlik imkoniyatlarini Kuvayt jamoatchiligi o‘rtasida targ‘ib qilish va O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!