Italiyada "demografik" favqulodda holat e’lon qilindi
Italiya sosiologlari va demograflari mamlakat aholisining qarishi va tug‘ilish darajasining kamayib borayotganidan chuqur xavotirda. Ko‘pchilik Jorji Meloni hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yetarli emas va mamlakat tez orada demografik tanazzulga yuz tutishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda Euronews'ga tayanib, Kazinform yozmoqda.
So‘nggi yillarda butun Yevropada tug‘ilishning pasayishi kuzatilmoqda. Bu muammo ayniqsa Italiyada keskin.
Mamlakat Yevropa Ittifoqida eng past tug‘ilish darajasiga ega. Qolaversa, mahalliy aholi hamjamiyatning qolgan qismiga qaraganda ancha tez qariyapti.
"Demografik tuynuk"ga sirg‘anishning oldini olish Italiya hukumati va "Italiya birodarlar" partiyasi boshchiligidagi boshqaruv koalisiyasining asosiy vazifalaridan biridir. Ammo hokimiyatning usullari, ayniqsa ular tomonidan ishlab chiqilayotgan abort to‘g‘risidagi qonun loyihasi sosiologlar va mahalliy nodavlat tashkilotlar tomonidan tanqid va ko‘plab savollarga sabab bo‘lmoqda.
Buni Rimda demografik masalalarga bag‘ishlangan ikki kunlik konferensiya yaqqol ko‘rsatdi. Ishtirokchilar mamlakatda “favqulodda vaziyat” mavjud degan fikrga kelishdi.
Agar bu tendensiya davom etsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib Italiyaning 59 million aholisi qariyb 1 million kishiga qisqaradi.
Italiya Milliy Statistika boshqarmasi (ISTAT) ma’lumotlariga ko‘ra, agar 2022 yilda tug‘ilishning umumiy koeffisiyenti (ya’ni, bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni) 1,24 ni tashkil etgan bo‘lsa, bir yildan keyin u 1,2 ga tushdi.
Aholining qarishi esa pensiya tizimi va sog‘liqni saqlash sohasiga katta yuk bo‘lmoqda.
“Italiyadagi vaziyatning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, inqiroz uzoq yillar davom etgan. 2008 yildan beri yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 200 mingga kamaydi. Ko‘pgina hollarda, bu potensial ota-onalar sonining kamayishi bilan bog‘liq. Bu 30 yil avval boshlangan tug‘ilish darajasining pasayishi bilan izohlanadi”, – dedi ISTAT bosh direktori Sabrina Prati.
O‘tgan yili mamlakat hukumati ayollarga bir vaqtning o‘zida bola tarbiyasi va mehnatini boshqarishga yordam berish chora-tadbirlariga qariyb 1 milliard yevro ajratdi.
