Veysun Chen: O‘zbekistonni o‘z samarali tajribasini dunyo miqyosida baham ko‘rishga chaqiraman!

Veysun Chen: O‘zbekistonni o‘z samarali tajribasini dunyo miqyosida baham ko‘rishga chaqiraman!

Bugun, 14 may kuni Toshkent shahrida qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ochilishida BMT Xavfsizlik Kengashi Aksilterror qo‘mitasi Ijroiya direktorati rahbari vazifasini bajaruvchi Veysun Chen video murojaat bilan ishtirok etdi.

BMT vakili terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatga, gumon qilinayotgan shaxslar hamda vatanga qaytarilgan jangarilar, ularning oila a’zolarini reabilitasiya va reintegrasiya qilish strategiyasiga, shuningdek ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan O‘zbekiston siyosatiga jiddiy e’tibor qaratdi.

Veysun Chen mavzu doirasida quyidagi muhim masalalarga ham to‘xtaldi:

Birinchi – xalqaro huquqiy asos. Ma’ruzachi qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishda xalqaro huquq, jumladan inson huquqi, gumanitar huquq va qochoqlar huquqiga rioya etish muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu asosiy huquqlarni hurmat qilgan holda, xavfsizlik choralarini ta’minlaydigan muvozanatli yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.

Ikkinchi – mintaqaviy yetakchilik va faol chora-tadbirlar. Veysun Chen terrorizmga qarshi kurashda O‘zbekistonning faol pozisiyasini e’tirof etdi. Ta’kidlanishicha, «Mehr» operasiyasi kabi tashabbuslar bilan mamlakat ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos yetakchilik xususiyatini namoyish etmoqda, mintaqaning boshqa davlatlari ham shu yo‘ldan bormoqda.

Shuningdek, BMT vakili Prezidentimizning qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar Kengashini tashkil etish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga O‘zbekiston o‘zining foydali va samarali tajribasini nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo miqyosida baham ko‘rishga chaqirdi.

Uchinchi – hamjamiyat yondashuvi. V.Chen Markaziy Osiyo davlatlarini terrorizmdan jabrlangan ayollar va bolalarni reabilitasiya va reintegrasiya qilishda ham hukumat, ham nodavlat tashkilotlarni jalb etgan holda, yaxlit yondashuvlar qabul qilinganini e’tirof etdi. Qayd etilishicha, bunday o‘ziga xos yondashuv terrorizm ta’sirining ko‘p qirrali xususiyati va ushbu illatga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

To‘rtinchi – mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati. Terrorizmga qarshi samarali kurashda mintaqaviy hamkorlik muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, mutaxassis fikricha, yangilangan Qo‘shma harakatlar rejasi terrorizmga qarshi kurash salohiyatini oshirish uchun moslashtirilgan texnik yordam ko‘rsatishni ta’minlaydigan maxsus mintaqaviy vositadir. Bu, o‘z navbatida, a’zo davlatlarga mavjud tahdidlarga birgalikda qarshi turish salohiyatini oshirish orqali mintaqaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Umuman, BMT Xavfsizlik Kengashi vakili o‘z ma’ruzasida nafaqat xavfsizlikka oid muammolarni hal qiluvchi, balki inson huquqini himoya qiluvchi va turli manfaatdor tomonlarni birlashtiruvchi keng qamrovli strategiya zarurligini, terrorizmga qarshi kurashda barqaror yechim topish uchun mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!