O‘zbekiston musulmonlari idorasi ogohlantiradi: Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta xabarlarga ishonmang!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ogohlantiradi: Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta xabarlarga ishonmang!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati 2019 yil 25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy ish qog‘osi nusxasiga yozilgan bir nechta shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soxta ekanidan ogohlantirdi. Mazkur xabarda keltirilgan ma’lumotlar va yozuvlar qalbakidir, deyiladi xabarda.
Bu kabi asossiz uydirma xabarlarni tarqatishdan maqsad O‘zbekistondagi diniy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yomonlab ko‘rsatish va mo‘min-musulmonlar orasiga ishonchsizlik urug‘ini sochishdan o‘zga narsa emas.
Inson dunyoga mukkasidan ketib, oxiratini unutib, har qanday qabih ishga qo‘l urmasligi kerak. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Yolg‘on guvohlik beruvchining ikki oyog‘i qo‘zg‘almay turib, Alloh unga do‘zaxni vojib qiladi , deganlar. Yana bir hadisda Kim bizni aldasa, bizdan emas deyilgan.
Aziz yurtdoshlar, har bir mo‘min-musulmon kishi bunday yolg‘on-yashiqlarga, mish-mish gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo‘lishi darkor. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi , degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim.
Ba’zi bir hasadgo‘y kimsalar xalqimiz orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida, fitna chiqarish ilinjida turli uydirmalarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishdan tap tortishmayapti. Bularga aldanib qolmasligimiz kerak. Shunday yolg‘on xabarlarni tayyorlash va tarqatish qonun bilan taqiqlanadi, Islom dinida esa qattiq qoralanadi.
Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!