O‘zbekiston bozoriga Yevropa texnologiyalarini joriy etish va farmasevtika sohasiga oid masalalar muhokama qilindi

O‘zbekiston bozoriga Yevropa texnologiyalarini joriy etish va farmasevtika sohasiga oid masalalar muhokama qilindi

Bugungi kunda tibbiyot muassasalarini modernizasiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sohada xizmatlar sifatini oshirish uchun investisiya va innovasiyalar zarur. O‘z o‘rnida bu mamlakatimiz aholisining salomatligini yaxshilash, umr ko‘rish davomiyligini oshirishga yordam beradi.

Evropa – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assosiasiyasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida sog‘liqni saqlash sohasi, jumladan, farmasevtika yo‘nalishida o‘z yechimini kutayotgan muammolar bo‘yicha ochiq davra suhbati o‘tkazildi.

Mahalliy va xorijiy tashkilotlar, tibbiyot muassasalari kompaniyalari va Yevropa Ittifoqi diplomatik korpusi vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda asosiy e’tibor farmasevtika sanoatining bugungi holati, o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga qaratildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston bozoriga Yevropa texnologiyalarini joriy etish, farmasevtika kompaniyalari o‘rtasida sarmoya kiritish hamda qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan fikr almashdi.

Suhbat davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning faolligini oshirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy omili ekanini ta’kidladi.

–Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, sohada sezilarli yutuqlarga erishish uchun xususiy sektorning ishtiroki muhim. Shuning uchun “O‘zbekiston–2030” strategiyasida barcha sohalardagi nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish va tibbiy muassasalarni to‘liq raqamlashtirish kabi vazifalar belgilangan, – deya qo‘shimcha qildi Markaz rahbari.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotiga ko‘ra, xususiy sektor va jamoat tashkilotlari vakillarining o‘zaro muloqoti uchun qulay imkoniyat yaratgan tadbir yakunida O‘zbekistonda tibbiyot xizmatlari va farmasevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga kelishib olingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!