O‘zbekiston bojxonachilari afg‘on narkotiklari tranzitini oldini olishdi

O‘zbekiston bojxonachilari afg‘on narkotiklari tranzitini oldini olishdi

O‘zbekiston bojxonachilari katta partiyadagi afg‘on narkotiklari tranzitini oldini olishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
So‘nggi tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, MDHga a’zo davlatlari chegaralari orqali tovar va transport vositalari harakati yildan yilga sezilarli ravishda ortib bormoqda. Shu barobarda noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning oqimi hamda kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari xavfi ham saqlanib qolmoqda.
"Ushbu jarayonga Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tomonidan katta partiyada afg‘on narkotiklarining tranzit olib o‘tilishi oldi olindi. Shuningdek, sun’iy giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarayotgan narkolaboratoriyalar faoliyati ham fosh etildi. Bir so‘z bilan aytganda, yil boshidan buyon O‘zbekistonda bojxonachilar salkam 306 kg. giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi", - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, pandemiya davrida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning internet orqali savdosi ham kuchayib, ularning pochta jo‘natmalari orqali kirib kelish holatlari ham kuzatilayotgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 3-8 oktyabr kunlari Toshkent shahri MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashi huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar rahbarlari Qo‘mitasining navbatdagi majlisi va uning doirasidagi qator ishchi uchrashuvlariga mezbonlik qildi. 2021 yil 7 oktyabr kuni esa Toshkentda asosiy tadbir - MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashi huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar rahbarlari Qo‘mitasining 21-majlisi boshlandi.
Mintaqada bojxona sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan mazkur muhim tadbir aslida 2020 yilda - O‘zbekistonning MDHga raisligi davriga mo‘ljallangan bo‘lib, pandemiya sababli ortga surilgan edi.

Majlisda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarining 30 nafardan ziyod rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etmoqdalar.
Qo‘mita yig‘ilishida iqtisodiy jinoyatlar, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash, bojxona surishtiruvi va kinologiya sohasida hamkorlik, bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalari xodimlari malakasini oshirish, Jahon bojxona tashkilotining huquqni muhofaza qilish borasidagi mintaqaviy aloqa tarmog‘i – "Rilo-Moskva" doirasida axborotlar almashinuviga doir 15 dan ortiq masalalar ko‘rib chiqilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!