Erkak o‘z ayoliga sevgisini izhor qilishi kerakmi?  

Erkak o‘z ayoliga sevgisini izhor qilishi kerakmi?  

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi: “Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir” (Rum, 21).

Insonni erkak-ayolga ajratib, juft yaratishining o‘zi Allohning biru borligi, barkamol sifatlar sohibi ekanining yorqin dalilidir. Doimo ko‘raverilgach, unga e’tibor berilmaydi, ammo e’tibor ila tafakkur qilib ko‘rilsa, insonning erkak va ayollik holati ulkan mo‘’jizadir.

Alloh taolo insonning o‘zidan unga juft yaratib berishni “sokinlik topishingiz uchun” demoqda. Darhaqiqat, erkak faqat ayoldangina sokinlik, orom, osoyishtalik va tinchlik topadi. Shuningdek, ayol o‘ziga kerak sokinlikni erkakdan topadi.

“...va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani...”

Alloh taoloning O‘zi er bilan xotinning orasiga sevgi, mehr-muhabbat, rahm-shafqat solmasa, ular bir-birlarining ba’zi kamchiliklarini, qiyinchiliklarni ko‘tara olarmidilar? Chidab, birga yasharmidilar?

Erkakning tanasini, a’zolarini, ruhiyatini, hattoki eng kichik hujayralarigacha o‘ziga xos qilib yaratgan kim? Ayolning tanasini, a’zolarini, ruhiyatini, xattoki kichik hujayralarigacha o‘ziga xos qilib yaratgan kim? Ha, ularni bir-biriga sokinlik, mehr-muhabbatli bo‘ladigan, o‘zaro kelishib dunyoni obod qiladigan etib yaratgan zot qudratli Alloh taolodir.

“Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir”.

Modomiki, Alloh taoloning O‘zi er-xotinning o‘rtasiga mehr-muhabbat solishini ochiq aytgan ekan, er ham o‘z xotiniga uni yaxshi ko‘rishini ochiq aytishida hech bir mone’lik yo‘q. Qolaversa, bu narsanin ochiq aytish o‘rtadagi muhabbatni yana ham kuchaytiradi. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham: “Bir kishi bir birodarini yaxshi ko‘rsa, unga yaxshi ko‘rishini aytib qo‘ysin” deb marhamat qilganlar. Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilishgan.

Hadisi sharifda birodarga yaxshi ko‘rishni aytishga buyurilganidan keyin o‘z ayoliga bu gapni aytish yana ham munosibroqdir. Zero, kishi o‘z ayoliga unga bo‘lgan mehru muhabbatini bildirib qo‘ysa, bu narsa ayolning qalbidagi eriga bo‘lgan mehr, ishonch, hursandchilik, xotirjamlik kabi tuyg‘ularni yana ham ziyoda qiladi. Bu borada Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari bizlarga yorqin namunadirlar.

U zotdan “Insonlardan kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘ralganda, u zot alayhissalom “Oishani” deb javob berganlar. Buxoriy rivoyati.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har kunlarini bittadan ayollari uchun taqsim qilar, ular o‘rtasida adolat bilan ish tutar va: “Ey Allohim, bu o‘zim ega bo‘lgan narsadagi taqsimimdir. Sen ega bo‘lib, men ega bo‘lmagan narsada esa, meni malomat qilmagin” deb duo qilar edilar”. To‘rtovlari rivoyat qilishgan.

Hadisdagi  “Sen ega bo‘lib, men ega bo‘lmagan narsa”dan murod esa, sevgi, mehr va muhabbatdir

Ha, inson zohiriy ishlarni tasarrufini qilishi mumkin. Ammo qalbga, hissiyotga bog‘liq ishlardagi egalik esa, faqat Alloh taoloning qo‘lidadir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz “Ayollarimning barchasiga adolat qilishga harakat qilaman, bunga kuchim yetadi. Ammo, muhabbat borasida hammalarini birday sevolmayman. Ulardan faqat bittalarini sevaman, xolos”, degan ma’noda Robbilariga duo qilmoqdalar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam birinchi ayollari bo‘lmish Xadicha roziyallohu anhoni vafotlaridan keyin ham juda ko‘p eslar edilar. Xadicha onamiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga uylanishlaridan uch yil avval vafot etgan edilar. Payg‘ambarimiz birinchi ayollarini eslaganlarida “Menga uning muhabbati berildi” deb aytar edilar. Ibn Abdulbarr rivoyati.

Demak, biz ham yuqoridagi oyat va hadislardan kelib chiqib, juftu halolimizga unga bo‘lgan mehru muhabbatimizni bildirib qo‘ysak, ham savobga ega bo‘lamiz, ham oilamizning yanada farovonligi sari  katta qadam tashlagan bo‘lamiz. 

Nozimjon Hoshimjon


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!