“UYAT BO‘LMAYDIMI?” yoxud ishtonini osiltirgan yigitlar

“UYAT BO‘LMAYDIMI?” yoxud ishtonini osiltirgan yigitlar

Jurnalistlar ta’biricha, oddiy, siyqasi chiqqan mavzularni “chaynash” kishining g‘ashini keltiradi. Binobarin, shunga aloqador jihatlar ko‘nglingizning bir chetini “tebratsa”, beixtiyor qo‘lingizga qalam olasiz. Bugun “ommaviy madaniyat” to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda, matbuot sahifalarida ketma-ket maqolalar chop etilyapti, televideniyeda ko‘rsatuvlar namoyish qilinmoqda. Ommaviy madaniyatning ong-u shuurimizga salbiy ta’siri bisyorligi, “go‘zallik” niqobiga o‘rangani xususida rang-barang mulohazalar bildirilyapti. Bundan yoshlar xabardormi? Ming taassufki, jamiyatimizda bu illatning turli ko‘rinishlari ildiz otgan: bodiart, pirsing, tatuaj… va hokazo. Yaqinda yana bir yangicha madaniyatni uchratdim. Tafsilotga o‘tishdan oldin biroz ortga chekinamiz.

…Amakimning o‘g‘li shaharda o‘qiydi. Ja, oliftanamo yigit! Shuning uchun yangam unga “modachi” deb laqab qo‘ygan. Yangamning gapida jon bor: bozorda bir moda chiqsa, ilk xaridor bizning uka. Ba’zan uchratib qolsam, dastavval, o‘qishi haqida emas, kiyim-kechak firmalari va yangi chiqayotgan mahsulotlar xususida so‘rayman.

Tunov kuni amakim o‘g‘lini koyiyotgani ustidan chiqib qoldim. Ko‘chadan o‘tib borayotsam, akam imlab chaqirdi.

— Qara, buning kiygan shimini! — dedi u menga Murodni ko‘rsatib. — Ishtonini ho‘llab qo‘yganga o‘xshaydi-ya!

— Nimasi yomon!? — derdi Murod aylanarkan.

Uning shimi na shalvorga va na trikoga o‘xshardi: beldan songacha keng, oyoq qismi tor! Nomlashga aql lol, allambalo, bir buyum. Kulgidan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim.

— Bir narsa desang-chi, bunga! — dedi amakim kuyunib. — Sen ham shaharda yuribsan, axir!

Yarim hazil, yarim chin gapirdim.

— Abdug‘ani aka qizini bermay qo‘ymasin! Tez yo‘qot, buni!

Amakimning foydasiga vaziyatni og‘dirdim.

— O‘ziyam, “jenskiy”mi deyman?!

Mening gapim er-xotinga xush yoqib, ma’qullashdi. Birgalikda bu kiyim o‘g‘il bolaga umuman yarashmasligini yaxshilab tushuntirdik. Murod shu ayollar kiyimi ekaniga ishondi, chog‘i. Yangam sotuvchini koyiy-koyiy ichkariga kirib ketdi.

Ertasiga voqeaning davomini yangamdan eshitdim.

— Loy-poyga kiyarsan desak, qaychilab tashladi. Buyumga emas, matoga jonim achidi! Shunaqa matoh ishlab chiqargan firmaga ham hayronman!

Buning ajablanarli joyi yo‘qligini ta’kidlab, haligi voqea yodimga tushdi-yu, yangamga so‘zlab berdim.
Do‘stim ikkimiz bozordan chiqqach, yo‘l mashinalar bilan tirbandligi bois tunneldan yurdik. Yer osti yo‘li gavjum, yo‘laklarda harakat to‘xtamaydi. Meva-cheva sotuvchilarning “Kep qoling, op qoling!” degan da’vati quloqqa chalinadi. To‘g‘riga yurib borarkanmiz, yonimizda to‘rva orqalagan boboy nari-beri o‘n yosh nabirasi bilan oldinda bir yigitni sinchkovlik bilan kuzatib ketayotgan ekan.

Yigit borgan sari yuk og‘irligidan har tarafga chayqalar, yo‘lovchilarga urilib ketib, tanbeh eshitardi.

Shu payt bobo to‘satdan baqirib yubordi.

— Ishtoningni ko‘tar, ota! Tushib ketsa, uyat bo‘ladi.

Yigit biroz atrofga alanglagach, xitob o‘ziga qaratilganini sezdimi, darrov bir qo‘li bilan shimini ushladi. Yon-atrofda kulgi ko‘tarildi. Uning yuzi bir onda lavlagidek qizardi. Aslida, uning shimi pastga tushib ketmayotgan, faqat tashqaridan qaragan kishiga shunday tuyulardi. U shimini ko‘targancha avtobusga chiqib, ko‘zdan yo‘qoldi-yu, bobo nabirasiga mug‘ombirona ko‘z qisib qo‘ydi. Hamrohim bilan shu holatni tahlil qilishga o‘tdik.

Inson yaralibdiki, unda “manfaat” tushunchasi bolalikdan rivojlanadi va jamiyatdan muayyan o‘rin topishiga ta’sir ko‘rsatuvchi birlamchi omilga aylanib boradi. Shunga muvofiq, manfaat uning (shaxsning) nafaqat ichki dunyosini o‘zgartiradi, shu bilan birga o‘zi uchun yangicha qiyofani kashf etishiga ham zamin yaratadi. Bu aksar hollarda uni qurshab turgan muhit bilan muvofiq tushadi, ya’ni yor-do‘st qaysi yo‘ldan yursa, ergashuvchi ham shu yo‘lga o‘zini uradi. “Do‘sting — sening aksing” deyishgani rost gap! Yangicha ko‘rinishning boshqalardan ayricha jihati shuki, uni boshqalarga badavlat, boqi beg‘am, dunyo tashvishlariga qo‘l silkigan va hamma muammoni xamirdan qil sug‘urgandek oson hal qiluvchi “siymo” qilib ko‘rsatishi bilan alohida ahamiyatlidir. Ayni paytda, unga muomala qiluvchilar o‘ylab gapirishiga va hazil qilmasligiga ham bir ishoradir. Zamonaviy tilda bu “imij” deyiladi. Ingliz tilidan tarjima qilinsa, image – tasavvurdagi ko‘rinish, ifoda, timsol, ta’sirchanlik kabi ma’nolarni anglatadi. Xo‘sh, bu yerda nimadan ta’sirlanish nazarda tutilmoqda?

Mashhur fizik olim Isaak Nyutonning ikkinchi qonuniga muvofiq, har qanday jismga tashqi kuch ta’sir etmaguncha, u doimiy tinch, muallaq yoki to‘g‘ri chiziqli harakat holatini saqlaydi. Shunday ekan, nafaqat jism, balki insonning o‘zgarishi bevosita tashqi ta’sirga bog‘liq. Shunday ekan bunday kiyinish jamiyatga o‘z-o‘zidan kirib kelmagan.

Ketma-ket tanqid ostiga olinayotganiga qaramay, mavzu doirasi torayish o‘rniga tobora kengaymoqda va ko‘pchilikni o‘z qamroviga qo‘shmoqda. Ularga ergashayotganlarning aksari yoshlar ekanini inobatga olsak, kelajakda buning qanday oqibatlarga olib kelishi — ma’naviyatga chang solishi ma’lum. Bunday nomaqbul holatlar asriy an’analarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, inson ongiga yot tushunchalarni olib kelishi, shubhasiz. Ko‘nikilgan narsalar bir chetga surilib qolishidan qo‘rqasan, kishi. E’tiborlisi, bular ma’naviyat qalqonida zang kabi paydo bo‘lmoqda.

“Oddiy kiyinish iymondandir”, deyiladi hadisda. Kamtarona kiyim ham ziynat. Tor kiyim qon aylanishi buzilishiga, tez charchash va ba’zi kasalliklarga olib keladi. Ba’zi mamlakatlar ta’lim muassasalarida bunday kiyimlarda yurish qat’iyan taqiqlangan. Bu birinchidan sog‘likka zarar, ikkinchidan hashamdor libos darsda fikrni chalg‘itib, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan qutulishning yagona yo‘li esa tafakkurga tazyiq o‘tkazuvchi ma’lumotlarni tahlil eta bilish, asriy urf-odatlarga sodiqlik va ma’naviy komillikka intilishdir.


Olim JUMABOYEV

Manba: fikrat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!