O‘ktam Aliyev Doston Ergashovga qarshi 500 million so‘mlik da’vosidan voz kechdi

O‘ktam Aliyev Doston Ergashovga qarshi 500 million so‘mlik da’vosidan voz kechdi

Xabaringiz bor ijtimoiy tarmoqlarda xonandalar Doston Ergashov va O‘ktam Aliyevning mojarolari san’at olamida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Uzoq muddatli kelishmovchiliklardan so‘ng ushbu san’at vakillari o‘zaro kelishuvga erishdilar.

Mualliflik huquqlari buzilishi holati bo‘yicha Agentlikka chaqirilgan xonandalarga mualliflik huquqi ob’ektlari moddiy mulk kabi qadrli va undan ko‘ra qiymatliroq ekanligi, muallifning asarlari xususiy mulk singari daxlsiz hisoblanishi hamda mualliflik huquqlarining buzilishi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Shunga muvofiq tomonlar ushbu nizoni o‘zaro kelishish orqali hal qilishga qaror qilishdi. Agentlik ushbu jarayonda mediator vazifasini bajardi va buning natijasida yana bir mualliflik sohasidagi nizo bartaraf etilishiga erishildi.

Muallifning ruxsatisiz qo‘shig‘ini kuylagan Doston Ergashov O‘ktam Aliyevdan uzr so‘rab, hamkorlikda qo‘shiq kuylash taklifini bildirdi. Shundan so‘ng O‘ktam Aliyev xonanda Doston Ergashovga nisbatan 500 million so‘m miqdoridagi yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan tegishli sudga kiritgan arizasini qaytarib oldi.

Ta’kidlash joizki, mualliflar tomonidan o‘zlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borayotgan ishlari natijasida bu kabi huquqbuzarliklar soni kamayishiga, jamiyatda o‘zganing mulkidan uning ruxsatisiz foydalanganlik uchun jazo muqarrarligi bo‘yicha huquqiy ongning shakllanishiga hamda boshqa mualliflarning ham o‘z buzilgan huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli xarakatlarni amalga oshirishiga turtki bo‘lmoqda.

Zero, mualliflarning asarlariga nisbatan hurmat hissini shakllantirilmasdan hamda ularning huquqlari poymol bo‘lishining oldi olinmasdan turib yangidan-yangi asarlar yaratilishi dargumondir.

Shunday ekan mualliflarning asarlariga o‘zimizning mulkimizdek qarashimiz va ulardan faqatgina qonunchilikda belgilangan tartiblarga rioya etgan holda foydalanishimiz zarur. 

Shu o‘rinda Doston Ergashov va O‘ktam Aliyevlarning kelgusi ijodlariga omad tilagan holda ular ijrosidagi yangi duyet qo‘shiqlarini kutib qolamiz!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!