Turkiyadagi o‘zbek takkalari haqida ma’lumotga egamisiz? Takkalar nima?

Turkiyadagi o‘zbek takkalari haqida ma’lumotga egamisiz? Takkalar nima?

O‘zbek takkasi 1752 yilda Buxoro Naqshbandiya darveshlari tomonidan Ahmad Yassaviy an’anasi bo‘yicha Turkiyaning Uskudar tumani Sultontepe mahallasida qurilgan. Takkalar o‘tmishdan Islom madaniyatining ajralmas parchasi bo‘lib, masjid, madrasalar kabi takkalar ham ta’lim va ibodat maskanlari hisoblangan.

Darvesh takkalari asrlar davomida diniy, siyosiy, iqtisodiy, harbiy, axloqiy, ilmiy va ma’rifiy faoliyatlari bilan davlat va jamiyatga katta ta’sir ko‘rsatib kelgan.

Takka mohiyatan biror shayx rahbarligida so‘fiylik ta’limi beriladigan joy hisoblangan va so‘fiylik an’analari va shayxning munosabati takkani boshqarish tamoyillarini belgilagan.

Takkalar zamon va makonga ko‘ra o‘zgarib turuvchi zoviya, xonaqoh, mehrob, tavhidxona, harobat, imorat, qalandarxona kabi nomlar bilan ham atalgan.

Islom sivilizasiyasining asosiy madaniy muassasalaridan biri bo‘lgan takkalar o‘tmishda islom olamiga yetakchilik qilgan Usmoniylar imperiyasi va uning amaldorlari tomonidan shaxsan qo‘llab-quvvatlangan.

Usmoniylar saltanatining olti asrlik davrida davlat hududida besh yuzga yaqin takka faoliyat yuritgan va ular ilmiy, intellektual va siyosiy tuzilishdan ko‘ra jamiyatning ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyaviy xususiyatiga ega bo‘lgan. Naqshbandiya tariqati tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi, ildizi Turkistonda, ya’ni Movaronunnahrda shakllangan o‘zbek takkalari islom olamida taraqqiyot markazlari hisoblangan barcha mashhur shaharlarda mavjud edi. Makka, Madina, Jidda, Quddus, Bag‘dod, Halab, Bursa, Istanbul kabi shaharlardagi bu maskanlar o‘z davrining ilm-fan va madaniyat markazlari bo‘lgan.

Istanbulda «O‘zbeklar» nomi bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan beshta takka faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning Istanbulning eng markaziy joylarida qurilganligi ham uning davlat nazarida alohida ahamiyat va mavqega ega ekanligini ko‘rsatadi.

Uskudarning Sultontepa, Susuzbog‘, Eyup, Aksaray va Kadirgada faoliyat ko‘rsatgan takkalardan asosan uchtasi ko‘proq ko‘zga tashlangan. Ular Eyup o‘zbeklar takkasi, Uskudar o‘zbekler takkasi, Sultanahmet Binbirdirek mahallasidagi Shahid Mehmet Pasha tepaligida joylashgan Buhara o‘zbeklar takkasi.

O‘zbeklar takkalarida Naqshibandiya tariqatiga oid diniy marosimlar tashkil qiligan hamda tariqatning “Hatm-i Hasegân” nomi bilan mashhur bo‘lgan ibodat marosimi o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, Qur’ondan tartib bilan «Ihlos», «Fotiha» va “Oli Imron” suralari o‘qilgan, so‘ngra zikr marosimlari tashkil etilgan. Takka shayxlari turkistonlik tariqat rahbarlaridan tayinlangan. Ular aslan o‘zbek bo‘lganliklari uchun urug‘ nomi ba’zan takka nomi bilan birga qo‘llanilgan.

Takka shayxlari Usmonlilar davlatidan maosh olishgan. Takkalarning barcha xarajatlari davlat hazinasidan qoplangan.

Takkalar -Turkistonning sharqi, g‘arbi, shimoli va janubidan Makkaga yo‘l olgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, turk kabi hojilarning to‘xtash va ehtiyojlarini qondiruvchi karvonsaroy vazifasini ham bajargan.

Nomidan ko‘rinib turibdiki, O‘zbeklar Takkalari, asosan, o‘zbeklar boshpana topadigan va Turkiston aholisi tez-tez tashrif buyuradigan maskanlar bo‘lsada, qaysidir ma’noda Istanbuldagi elchixona xizmatini ham zimmasiga olgan.

O‘zbeklar takkalarida yetishib chiqqan shaxslar bu yerlarni ilm-fan va madaniyat markazlariga aylantirgan. Bu inshootlar turar joy vazifasidan tashqari, O‘rta Osiyo so‘fiylik madaniyati va tariqat an’analari saqlanib qolgan irfon o‘chog‘i hisoblangan. O‘tmishda bu maskanlarga Turkiston zaminidan ko‘plab buyuk insonlar kelib ketgan. Takkalarni tark etmaganlari esa, takka yaqinidagi qabristonlarda manguga qo‘nim topishgan.

Hozirda ham o‘zbeklar nomi bilan bog‘liq ravishda esga olinadigan bu takkalar, eski davrdagi vazifalarini bajarmayotgan bo‘lsada, tarixda bajargan vazifasini eslatib turishi bilan ham ahamiyatlidir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!