Turkiyada mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar

Turkiyada mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar

Adolatli, shaffof va muntazam saylovlar zamonaviy demokratik davlatlarning eng asosiy unsuridir. Demokratiyanıng minimal shartı shundan iboratki, boshqaruvchilar o‘z vakolatlari va hokimiyat kuchini saylovchilardan, ya’ni boshqariluvchilarindan oladilar. Bu vakolatlar muntazam o‘tkazilib boriladigan saylovlar orqali yangilanib boradi. Saylovlar orqali saylovchilar o‘z nomzodalarining siyosatlari va faoliyatiga ovoz beradi va ularni ijobiy yoki salbiy ma’noda baholaydi.

Turkiya 1946 yilda ko‘ppartiyaviylik joriy qilinganidan beri muntazam, adolatli va shaffof saylovlar o‘tkazilgan mamlakatlar ro‘yxatining boshida kelmoqda. Turkiyada saylovlar Oliy Saylov Kengashi (Markaziy Saylov Komissiyasi) (MSK) kabi tashkil etilgan muassasalar orqali mustaqil sudyalar nazorati ostida o‘tkaziladi. Shuning uchun Turkiya saylov xavfsizligi va fuqarolarning saylov jarayoniga ishonchini ta’minlash nuqtai nazaridan rivojlangan siyosiy madaniyatga ega.

Turkiyadagi saylov va ovoz berish jarayoniga ishonchni saylovlardagi xalq ishtiroki ko‘rsatkichlarida ham ko‘rish mumkin. Turkiya, 2023 yil 14 may kuni bo‘lib o‘tgan Prezidentlik va Parlament saylovlari bilan Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) davlatlari orasida saylovda qatnashish darajasi bo‘yicha eng yuqori ishtirok nisbatiga ega 3-davlat bo‘ldi. Oliy Saylov Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ichki ishtirok darajasi 88,92 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi o‘tkazilgan 28 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda bu ko‘rsatkich 85.72 foizni tashkil etgan edi. OECD va Xalqaro Demokratiya va Saylovga Yordam Instituti (IDEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya 14 may kuni bo‘lib o‘tgan ichki saylovlarda ishtirok etish darajasi bilan AQSH, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi ko‘plab OECD'ga a’zo G‘arb davlatlarini ortda qoldirdi. Bu ma’lumotlarning yana bir diqqatga sazovor tomoni shundaki, Turkiyada saylovda qatnashish darajasi Shvesiya, Daniya, Yangi Zelandiya, Islandiya, Niderlandiya va Norvegiya kabi saylovda qatnashish 80 foiz atrofida bo‘lgan davlatlardan ham yuqori ekanligidadir.

Turkiya, joriy yil 31 mart, yakshanba kuni mahalliy hokimiyat orgnlari saylovlari uchun yana bir bor ovoz beradi. Turkiyaning demokratik qadriyatlarga sodiqligi va mahalliy hukumatlarga nisbatan innovasion qarashlarini ko‘rsatuvchi 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy hokimiyat umumiy saylovlari milliy va xalqaro maydonda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda ushbu saylov jarayonida xavfsiz va adolatli sharoitlarda olib borilgan saylov kampaniyalari Turkiyaning mahalliy hukumatlarga berilgan ahamiyat nuqtai nazaridan mintaqada demokratik yetuklikka ega yetakchi davlatlardan biri ekanligidan dalolatdir.

Xalqning talab va ehtiyojlarini qondirishda birlamchi bosqich bo‘lgan mahalliy hokimliklar zamonaviy standartlarga mos dunyoqarash va istiqbolga ega bo‘lishini ta’minlashga katta e’tibor qaratayotganimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Bu jarayon xalqning demokratik faolligini, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan muloqotini kuchaytirishda samarali ahamiyat kasb etayotgani ochiq haqiqatdir.

Bizda ko‘p yillardan buyon mavjud bo‘lgan innovasion munisipalitet yondashuvining farqli tomoni shundaki, u texnologiya va barqaror rivojlanish loyihalari bilan bir qatorda, insonlarimizning turmush sifatini yaxshilash, shaffoflik, har qanday sharoitda javobgarlik va eng muhimi, vatandoshlarimizga yo‘naltirilgan ma’muriyatlarni qurishga qaratilgan. 1994 yilgi mahalliy saylovlardan so‘ng Istanbul shahar hokimligi boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida Turkiya shahar boshqaruvi sohasida aholining hayot sifatini yaxshilash uchun muhim qadamlar tashladi. Prezidentimiz tomonidan 30 yil avval ilgari surilgan xizmat siyosati va qarashlarini davom ettirish munisipalitetlarimizning asosiy siyosiy qarashlarini tashkil etadi. Shu sababli, yaqinlashib kelayotgan mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar bilan ham xuddi shunday qarash va xizmat tushunchasini saqlab qolish milliy va xalqaro maydonda demokratik qadriyatlarimiz va ijtimoiy yaxlitligimizni yanada mustahkamlashiga ishonamiz.

2024 yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlarni Turkiya uchun demokratiya yo‘lida muhim bosqich deb hisoblaymiz. Ushbu saylovlar ham Turkiyaning mintaqadagi yetakchiligini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam, deb hisoblaymiz va mamlakatimizning demokratik kamolotini va ijtimoiy faolligini oshiradigan muhim faoliyat o‘laroq qabul qilamiz. Bundan tashqari, avvalgi barcha saylovlar kabi bu saylov ham turk xalqining demokratik jarayonlarda yanada samarali ishtirok etishiga imkon beradi va bu orqali demokratiyamizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

2024 yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarining yana bir muhim jihati shuki, bu saylovlardan keyin 4 yil ichida yangi saylovlar bo‘lmaydi. Turkiya bu 4 yil ichida Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an liderligida boshlangan taraqqiyot tashabbuslarini jadal ravishda davom ettiradi. So‘nggi yillarda kommunikasiyadan diplomatiyagacha, iqtisodiy rivojlanishdan infratuzilmaga sarmoyaga qadar har bir sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar davom ettiriladi. Bundan tashqari, «Turkiya Asri»ga yangi va fuqarolik konstitusiyasi bilan kirish maqsadi, kelgusi 4 yilning eng muhim ideali va kun tartibi bo‘ladi.

Ushbu qarash doirasida Turkiya demokratik standartlarini yuksaltirgan, daromad va farovonlik darajasini oshirgan, mintaqaviy va global aktyor bo‘lish da’vosi bilan «Turkiya Asri»ni barpo etish uchun harakat qilishda davom etadi. Turk dunyosida mintaqaviy hamkorlik va sheriklik aloqalarini oshirish orqali «Turkiya Asri»ning «Turkiy Dunyo Asri»ga aylanishini ta’minlash bu davrda ham ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi. Bizning eng asosiy siyosiy shiorimiz -Turkiy Davlatlar Tashkilotining yanada muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ve Turk dunyosi muammolariga doimiy yechim topishda yanada ta’sirli va samarali bo‘lishiga erishishdir. Qolaversa, Turkiyaning, avvalo FETO va ISHID kabi terroristik tashkilotlariga qarshi kurashini ham qamrab olgan siyosiy xassos masalalarda do‘st va qardosh Turkiy davlatlardan eng asosiysi bahamjihatlik ko‘rsatishlarini kutib qolamiz.

Turkiya 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar bilan nafaqat demokratik madaniyatiga yana bir muvaffaqiyatli saylovni qo‘shadi, balki barcha viloyatlarini, ayniqsa Istanbul va Anqara kabi shaharlarini «Turkiya asriga» tayyorlaydi. Saylovdan keyingi eng muhim vazifalarimizdan biri milliy taraqqiyot, 6 fevraldagi zilziladan zarar ko‘rgan shaharlarni tiklash va qayta qurish, Istanbul kabi zilzila xavfi yuqori bo‘lgan shaharlarni chidamli shaharlarga aylantirish bo‘ladi.

Turkiya bundan buyon ham shu paytgacha bo‘lganidek, saylovlarni demokratik tamoyillar doirasida o‘tkazadi, amaldagi hukumati ham, muxolifati ham birdek saylov natijalariga hurmat bilan qaraydi va eng muhimi xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida «Turkiya asrini» barpo etishda davom etadi. Shuning uchun ham 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy boshqaruv organlariga saylovlarni ichki va tashqi dinamikasi jihatidan Turkiyaning kelajakdagi o‘n yillik marralariga eltishga qodir bir saylov deyish mumkin.

Prof. dr. Faxrettin Altun,
Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Kommunikasiya boshqarmasi boshlig‘i


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!