Tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish mumkinmi?

Tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish mumkinmi?

SSV Matbuot xizmati savollariga Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shaxnoza Zufarova javob berdi.

— Xalqimiz bolajon, ba’zi oilalar esa o‘g‘il yoki qiz tug‘ilmaguncha ketma-ket farzand ko‘rishga ham tayyor. Bu vaziyatni qanday izohlaysiz, bu ayol salomatligi uchun qanchalik zararli?

— Sog‘lom bola dunyoga kelishi uchun, albatta, ona ham sog‘lom bo‘lishi shart. Shuning uchun biz, shifokorlar tug‘ruqlar oralig‘iga e’tibor berilishi haqida qayg‘uramiz.

Chunki hali avvalgi tug‘ruqdan keyin o‘zini tiklashga ulgurmagan bachadonda tug‘ilajak bolaning sog‘lom rivojlanishi uchun sharoit yetarli bo‘lmaydi. Bu esa homilaning o‘z-o‘zidan tushishi, vaqtidan oldingi tug‘ruqqa olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, og‘ir toksikozlar, kamqonlik, surunkali kasalliklarning avj olishi kabi noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Homiladorlik va tug‘ruq vaqtida qon ketish, sepsis, eklampsiya kabi holatlar rivojlanishi natijasida homilador ayolni nogironlikka, hatto, nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

— Umuman zamonaviy tibbiyotda tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish tajribasi qay tarzda rivojlanmoqda va bu qanchalik o‘zini oqlamoqda?

— Farzand jinsini rejalashtirish mavzusi doim qiziqishlarga sabab bo‘lib kelgan. Bo‘lajak ota-onalarning ba’zilari oilasida o‘g‘il dunyoga kelishini istasa, boshqasi qiz tug‘ilishini intiqlik bilan kutadi.

Tibbiyot nuqtai nazaridan va ilmiy tilda tushuntirganda, farzandning jinsi erkak kishiga, aniqrog‘i, tuxum hujayrani aynan qanday spermatozoid urug‘lantirishiga bog‘liq. Ayol tuxum hujayrasida jins uchun javob beruvchi xromosoma doim bitta — X xromosoma bo‘ladi. Erkak spermatozoidi esa X yoki Y xromosomaga ega bo‘lishi mumkin. Agar tuxum hujayra X xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, qiz, Y xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, o‘g‘il dunyoga keladi. Demak, bolaning jinsi yuz foiz homilador bo‘lish vaqtidagi vaziyat zayliga bog‘liq, deyish mumkin.

Xalq orasida rejalashtirishning bir necha usullari mavjud: parhez usuli, qon yangilanishi usuli, taqvim usullari mavjud. Lekin, zamonaviy tibbiyot va ilmiy jihatdan isbotlanmagan va dalillar yetarli darajada emas.

Shunday ekan, farzand o‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz, u Alloh tomonidan in’om etilgan ne’matlarning eng ulug‘laridan biri.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!