Toshkentda «Tramadol» va «Lirika» sotishda gumon qilinib, 46 kishi qo‘lga olindi

Toshkentda «Tramadol» va «Lirika» sotishda gumon qilinib, 46 kishi qo‘lga olindi

23 oktyabrdan 7 noyabrgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahar IIBB «Tramadol» va «Lirika» psixotrop dori vositalarini sotishda gumon qilib, 46 kishini qo‘lga oldi, deyiladi IIBB xabarida.

Qo‘lga olinganlardan O‘zbekistonda shifokor reseptisiz sotish taqiqlangan psixotrop va narkotik vositalar ro‘yxatiga  kiritilgan jami 3023 o‘ram tibbiy preparatlar musodara qilindi.

Ichki ishlar organlari dastlabki tergov organlari tomonidan 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ularning 6 tasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 16 tasi — 276-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bo‘yichadir.

Aytib o‘tish kerakki, 2018 yil 22 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan psixofaol dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish maqsadida ushbu dori vositalari giyohvandlik vositalarining analoglari sifatida baholandi.

Endilikda «Tramadol» dori vositasi bilan muomala qilgan har qanday shaxs Jinoyat kodeksning tegishli moddalariga muvofiq, «Lirika» dori vositalarini noqonuniy sotgani uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarga binoan jazoga tortiladi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!