Senat: zo‘ravonlikka barham berishning qonuniy asoslari bor va bu amalda to‘liq ishlashi kerak

Senat: zo‘ravonlikka barham berishning qonuniy asoslari bor va bu amalda to‘liq ishlashi kerak

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi.

Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan holatlarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.

Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil birinchi choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 2 ming nafarga yaqiniga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash bugun davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda fikr almashildi.

Tadbirda Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadam bo‘lgani qayd etildi.

Qonun asosida amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilandi. Shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.

Demak, zo‘ravonlikka qarshi kurashishning qonuniy asoslari bor va bu amalda to‘laqonli ishlashi zarur.

Senatorlar, mahalliy kengashlarning yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raislari hamda kotibiyat mudirlari, ekspertlar, tegishli tashkilot vakillari va yoshlar qatnashgan tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan javob berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!