Allergologiya markazida referens-laboratoriya ishga tushgach, maxsus allergologik tekshiruvlar soni 500 dan oshdi

Allergologiya markazida referens-laboratoriya ishga tushgach, maxsus allergologik tekshiruvlar soni 500 dan oshdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Yer yuzi aholisining qariyb 40 foizi allergiya xastaliklaridan aziyat chekmoqda. Har uch kishidan biri allergik rinit, har o‘ninchi odam bronxial astmaga chalingan.

😪 So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham bunday xastaliklarga chalingan bemorlar soni bir muncha ortdi. Bu o‘z navbatida ushbu global kasallikka tashxis qo‘yish, davolash hamda profilaktika qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etishni taqozo etadi.

📋 Ta’kidlash lozimki, 2023 yil 23 noyabrda imzolangan “Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

🏥 Xususan, mazkur hujjatga muvofiq, joriy yil 1 yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi sifatida qayta tashkil etildi.

🔬 — Bugungi kunda Toshkent shahri va joylardagi aholi uchun allergik kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam aynan markaz va uning 13 ta hududiy filiali tomonidan ko‘rsatilmoqda, — deydi muassasa direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova.

👩‍⚕️ — Shuningdek, qarorga ko‘ra, allergik kasalliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish maqsadida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan boshlab ushbu xastaliklarning epidemiologik ko‘rsatkichlari ustidan nazorat kuchaytirilib, manzilli skrining tekshiruvlari o‘tkazilyapti. Shu bilan birga, 2024 yildan hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 tadan 20 tagacha oshirish ko‘zda tutilgan.

🧑🏻‍🎓 Aytish kerak, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshida ilk bor Toshkent tibbiyot akademiyasining Allergologiya, klinik immunologiya va hamshiralik ishi kafedrasi va allergologiya yo‘nalishida magistratura tashkil qilinib, klinik ordinatura kvotalari ikki barobarga oshirildi.

🏢 Sohadagi eng muhim yangilik — o‘tgan 2023 yil muassasaning barcha sharoitlarga ega yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Inshoot 4 qavatli, 4 ta korpusdan iborat bo‘lib, shifo o‘rinlar soni 160 ta yetkazilgan. Qolaversa, ilk bor bu yerda og‘ir bemorlar uchun intensiv terapiya va jonlantirish bo‘limi tashkil etildi.

🌡 Markaz yangi binosi zamonaviy laborator va umumklinik tekshiruvlar o‘tkazish, bemorlarga aniq tashxis qo‘yish uchun zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan. 1,5 million AQSh dollari qiymatidagi xalqaro grant mablag‘i hisobiga referens-laboratoriya ishga tushirilishi natijasida shifoxonada maxsus allergologik tekshiruvlar soni 500 dan ortdi.

💉 Maxsus allergologik teri sinamalar uchun Germaniyaning ROXALL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 10 turdagi davolovchi-tashxislovchi allergenlar ham klinik amaliyotda qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, muassasada ilk bor bolalar poliklinika bo‘limi va alohida shifo o‘rinlari tashkil etildi. Markazning 13 ta hududiy filialida esa mahalliy mutaxassislar uchun muntazam mahorat darslari, teletibbiyot orqali esa bemorlarga onlayn konsultasiyalar va konsiliumlar o‘tkazilmoqda.

‼️ Bir so‘z bilan aytganda, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar yurtimizda allergologik xizmatni to‘liq transformasiya qilish, aholiga bu yo‘nalishda har tomonlama sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berayotir. (https://telegra.ph/file/9ab70476ae450c319a615.png)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!