Toshkentda bekatda uxlagan ayol o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi

Toshkentda bekatda uxlagan ayol o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi joriy yilning 22 iyun kuni internet tarmoqlarida chop etilgan "Bekatda uxlasa o‘zbek ayoli" nomli maqola yuzasidan batafsil izoh berdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu maqola qahramoni Zuxra Matqulovani topish va shaxsini aniqlash, uning muammolarini hal etish maqsadida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirdi. Zuxra Matqulovani topishda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh Boshqarmasi xodimlari tezkorlik bilan amaliy yordam ko‘rsatdilar.

Tezkor qidiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, maqola qahramoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida bemaqsad yurgan, yonida shaxsini tasdiqlovchi (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma) hujjatlari ham bo‘lmagan.

Shu sababli, aniq yashash va mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan Reabilitasiya markaziga joylashtirilgan.

Shu kunga qadar Zuxra Matkulova ushbu markazga 3 marotaba — 2017 yilning avgust oyida, 2017 yilning 22 oktyabr va 2018 yilning 13 iyun kunlarida olib kelingan.

23 iyun kuni Namangan viloyati Chust tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Abdurahimova Mamlakat Zuxra Matqulovani doimiy yashash joyiga, o‘z oilasi bag‘riga olib ketish uchun Toshkent shahriga yetib keldi. Namangan viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi, Chust tumani hokimligining sa’i-harakatlari bilan Zuxra Matkulovaning oilaviy sharoitlari o‘rganilib, uni yaxshilash buyicha zarur choralar ko‘rildi. Turmush o‘rtogi bilan munosabatlarini sog‘lomlashtirish, bandligini taminlash ishlari tashkil etildi.

Yaqin kunlarda Zuxra Matqulova haqida yanada to‘liqroq ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!