Toshkent shahar IIBB: "Human"ning katta miqdordagi firibgarligi borasida jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar IIBB: "Human"ning katta miqdordagi firibgarligi borasida jinoiy ish qo‘zg‘atildi

16-sentyabr kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIO FMB jamoaviy ariza kelib tushdi.

Jami 52 kishidan tashkil topgan va respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar ma’lum qilishlaricha, ular O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2018-yil noyabr oyida taqdim etilgan tegishli lisenziyaga ega bo‘lgan “Human” bandlik agentligi” MCHJ bilan 2018-yilning noyabr oyidan 2019-yilning sentyabr oyigacha shartnomalar tuzishgan. Shartnomalarga ko‘ra, MCHJ ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi MCHJning hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan. Shu tarzda “Human” bandlik agentligi” MCHJning hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1 670 500 000 so‘m kelib tushgan.

Biroq arizachilardan hech biri chet elda ishga joylashtirilmadi. MCHJ jabrlanuvchilarga pullarni qaytarib bermaganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘zining rasmiy saytida xabar bergan edi.

Tergov-oldi harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB va prokuraturasi tomonidan hamkorlikda olib borildi. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu MCHJ direktori 29 yoshli Shoxnur F. jalb qilindi.

Yuqoridagi arizachilardan tashqari, hozirgi vaqtda respublikaning boshqa viloyatlaridan ham arizachilar murojaat qilishmoqda.

Agarda siz ham ushbu agentlik harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu ish bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 71-230-98-40 raqami orqali murojaat qiling.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!