Sudlar har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib borishi belgilanmoqda

Sudlar har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib borishi belgilanmoqda

Senatning 51-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ma’lumki, keyingi yillarda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Shuningdek bugungi kunda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali prosessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitusiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilganligi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur konstitusiyaviy kafolatlarni hayotga to‘laqonli tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlash, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, o‘z navbatida sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlab o‘tganidek, Qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini ta’minlashga, shuningdek qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muzokaralardan so‘ng Qonun ma’qullandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!