SSV — Chilim chekish ruhiy buzilishlarga sabab bo‘ladi

SSV — Chilim chekish ruhiy buzilishlarga sabab bo‘ladi

Chilim chekishning zarari xususida tibbiyot xodimlari har qancha ogohlantirmasin, so‘nggi paytlarda unga ruju qo‘yganlar soni tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, bu illat yoshlar orasida ommalashib borayotgani yanada achinarlidir.

Xo‘sh, chilim o‘zi nima? Uning tarkibida qanday moddalar mavjud? Chilimning inson salomatligi uchun zararlari nimalardan iborat?

SSV Matbuot xizmati mazkur mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat SHUKUROVga murojaat qildi:

— Chilim – tamaki hamda tarkibida tamaki bo‘lmagan mahsulotlarning tutashi yoki qizdirilishi natijasida hosil bo‘ladigan tutunni nafas orqali yutishga mo‘ljallangan moslama bo‘lib, aerozol (bug‘) yoki tutun suyuqlik solingan idish orqali (chilim suvdonidan) o‘tadi, — deydi SH. SHUKUROV. — Tarixga nazar solsak, chilim bundan 400 yil avval Afrika va Osiyoning tub aholisi orasida ommalashgan. Keyinchalik esa bu rusum dunyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqalgan.

Afsuski, so‘nggi paytlarda yurtimizda ham chilim chekuvchilar soni ortib bormoqda. Bugungi kunda ayrim insonlar yemakxonalarga tamaddi qilish emas, balki chilim chekish uchungina kirmoqda. Aslida chilim chekish narkomaniyaning yengil ko‘rinishi bo‘lib, insonda nikotinga qaramlikni keltirib chiqaradi.

Qolaversa, chilimning zarari sigareta chekishdan aslo kam emas. Uning tutuni tarkibida kanserogen moddalar (nitrozaminlar, polisiklik aromatik uglevodorodlar, uchuvchan aldegidlar, jumladan, formaldegid va benzol) hamda azot oksidi va og‘ir metallar kabi zaharli moddalar mavjud.

Shuningdek, chilim ko‘miri yoqilganda ko‘p miqdorda uglerod oksidi (is gazi) va kanserogenlar ajralib chiqadi. Ushbu zaharli moddalar chekuvchilarda yurak va o‘pka kasalliklari hamda saraton xastaliklarini keltirib chiqaradi. Qolaversa, oddiy tamaki chekuvchilarga qaraganda chilim chekuvchilar zaharli is gazining ta’sirida ko‘proq bo‘ladilar.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida chilim chekuvchilarda yurak urishi, qon bosimining oshishi va boshqa xavfli o‘tkir yurak-tomir ta’sirlari, o‘pka funksiyasi buzilishlari va yallig‘lanishlari, fiziologik himoyaning pasayishi, is gazi ta’siridan hushdan ketish va o‘tkir zaharlanishlar kuzatilishi aniqlangan.

Bu zararli odat uzoq muddatli asoratlar qoldirishi bilan ham xavfli bo‘lib, olib borilgan kuzatuvlar davomida chilim chekish bilan o‘pka saratoni, periodont (tish ildizi atrofidagi to‘qima) kasalliklari hamda kam vaznli bola tug‘ilishi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligi ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, chilim chekish og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach, oshqozon va siydik pufagi saratoni, o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklari, insult, surunkali rinit, erkaklar bepushtligi, me’da-qizilo‘ngach reflyuksi va ruhiy buzilishlarga ham sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, har bir inson bu illatdan uzoq bo‘lishi, farzandlarni esa chilim chekishning zararli ta’sirlaridan himoya qilish zarur.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!