«Shuni kuzatdimki, odamlarimiz ilm olishdan ko‘ra - eshitishni ma’qul ko‘rishar ekan»

«Shuni kuzatdimki, odamlarimiz ilm olishdan ko‘ra - eshitishni ma’qul ko‘rishar ekan»

Hayotda insonlar nimani eshitishni xohlasa, Facebook'da ham xuddi shunday bo‘lar ekan.

Ko‘p yillar davomida shuni kuzatdimki, odamlarimiz ilm olishdan ko‘ra - eshitishni, olim bo‘lishdan ko‘ra - etak tutishni ma’qul ko‘rishadi.

Odamlarimizni zaruriy bo‘lgan aqidaviy, fiqxiy masalalardan ko‘ra, ko‘proq rivoyatlar, ertaknamo voqealar qiziqtiradi. Odamlar “bay, bay, bay“, deb eshitiladigan, asli yo‘q, ikki pulga qimmat hikoyalarni eshitishni eng zaruriy masala hisoblaydi. Rasululloh qabrlaridan qanday qilib qo‘llarini chiqarganlarini aytib beradigan kazzoblarni hikoyasini ko‘zda yosh bilan tinglaydi. Rivoyat tinglab, etak tutib jannatga kirishni rejalab yashaydi.

Aksar odamlarga “aqiyda nima?”, degan savolni bersangiz javob bera olmaydi. “Namozda nechta farz bor, tavhid o‘zi nima?”, degan savollaringizga javob topishdan ko‘ra, mazhab, soqol, yangi yil, mavlud va boshqa siyqasi chiqqan masalalar ustida tortishishni ma’qul ko‘rishadi. Chaynagani sari shirini chiqadimi, bilmadim zerikishmaydi ham.

Do‘stlar davrasida yig‘ilgan edik. Bir do‘stimiz ilmlik bo‘lgan boshqa do‘stimizga: “Moturidiylik va Ash’ariylik bilan Salafiylik o‘rtasidagi farq nimadan iborat?”, deb savol berdi. Bir oz o‘ylanib qolgan do‘stimiz “savolingizga savol bilan javob beraman. Sukunlik nunda nechta qoida bor?”, dedi. Tabiiyki javob yo‘q. So‘ngra gapini davom ettirdi “asl muammomiz, bilishimiz kerak bo‘lgan birinchi darajali masalalar qolib, to‘rtinchi, beshinchi darajali ishlarga kirishib ketishimizda. Tartib bilan avvalidan boshlab ilm olinsa, siz bergan savollarga o‘z-o‘zidan javob kelib chiqadi”, degan edi.

Imomlarga berilayotgan savollar ham bir-biridan achinarli, hamda kulgilik ahvolda. Savol berish uchun ham ilm kerak. Berilgan savoldan savol beruvchini saviyasi kelib chiqadi, deb bejizga aytishmaydi.

Bir safar juma kuni Imomga yo‘llangan maktublar orasida “Jumong kasal bo‘lib qolibdi. Haqqiga jamoat bilan duo qilaylik”, degan xatni domla o‘qib eshittirgan edi. Eshitgan jamoat orasida gurros kulgi ko‘tarilgan. Aslida kuladigan emas, yig‘laydigan holat. Borimiz - shu. Saviyamiz - shu. Seriallarni ko‘raverib virtual olam va reallikni qorishtirib yuborgan bechora xalqimiz, nima uchun yashayotganini ham unutib bo‘lgan.

Avom ilm talab qilishni bas qilgan. Shunga yarasha Imomlarni birgina imkoniyati bor. U ham bo‘lsa - juma kunidir. Faqatgina o‘sha kunda minglab odamlar keladi. Faqatgina o‘sha kunda odamlarga dinni asli, mohiyati va nima uchun yashayotganini tushuntirish mumkin, xolos. Imomlar esa tinchlik, shukr qilish, ota-onani rozi qilishdan bo‘shamaydi (to‘g‘rirog‘i bo‘shattirishmaydi). Yangi yil, navro‘z, mavlud, 8 mart, mustaqillik, konstitusiyaga doir "ma’ruzalargaku", ko‘nikib ham ketdik.

Xalqimizni juma kuni masjidga boradigan qismi shukr, sabr, tinchlik va osmon musaffoligi to‘g‘risida bemalol dissertasiya yoqlay oladi. Dinni bu qismi borasida professor bo‘lib ketdik.

Uzoq yozmoqchi edim. Ammo yozish jarayonida xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odamdek his qildim o‘zimni. Go‘yoki hech kim eshitmaydigandek. Avomdan o‘pkalaymi yoki minbarda turib musulmonlarni xoinga, sionistlarga xizmat qilishda ayblagan Imomdanmi, bilmay ham qoldim.

Ammobilganim endigi trenddagi eskirmas mavzu: Yangi yil. Bemalol davom ettirishimiz mumkin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!