Samvel Babayan: «Diskvalifikasiya qilinganim o‘zbek futbolining zarariga ishladi»

Samvel Babayan: «Diskvalifikasiya qilinganim o‘zbek futbolining zarariga ishladi»

Bugun, 24 iyun kuni «Lokomotiv» yangi bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Babayan anjumanning kirish qismida, savollarga javob berish oldidan karyerasidagi o‘tmishi va buguni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Diskvalifikasiya qilinishim – adolatsizlik bo‘lgandi»

«Bugundan karyeramda yangi sahifa ochilmoqda. Futbol – mening hayotim. Futbolga qaytishim, aynan «Lokomotiv»dek muvaffaqiyatli klubga kelishim men uchun katta sharaf. Bu taklif uchun rahbariyatdan minnatdorman. Klub oxirgi uch yildan buyon o‘zbek futbolida yetakchilik qilmoqda. Klubda iqtidorli yigitlar yig‘ilgan, ularning hammasi eng yuqori marralarni ko‘zlaydigan o‘yinchilardir. Klub rahbarlari ham – professionallar. Barchamiz mustahkam bir oila bo‘lamiz.

Milliy jamoadan ketganimdan keyingi davrlari ishlarimga kelsak. Diskvalifikasiya va uning bekor qilinishi, keyin Latviyada ishlaganim, so‘ng vatanimga qaytib, «Lokomotiv» klubi prezidentiga maslahatchi bo‘lishim... Diskvalifikasiya qilinishim soxta dalillarga asoslangandi. Bu adolatsizlik, hatto kamsitish bo‘lgandi.

Nega bunday qilingandi? Agar chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, mengacha milliy jamoani boshqargan barcha murabbiylar bilan ham, katta ehtimolki, xuddi shunday holat kuzatilgan. Biz maqsadga erishishga yaqin edik, muxlislarimizga umid bag‘ishlagandik. Afsuski, bizga qandaydir eng arzimas narsalar xalal berdi», – dedi Babayan.

«Fakt shuki, Sergeev – mamlakatimizning eng kuchli hujumchilaridan»

«Ammo, yaxshi hamki, mendan oldin milliy jamoada ishlagan murabbiylarga nisbatan bunday yo‘l tutishmagandi. Ularning har biri ham 2 yil atrofida futbolda ishlamagan edilar. Bu federasiya prezidenti hurmatli Mirabror Zufarovichning donoligidan darak beradi. U milliy jamoaning sobiq murabbiylarini avaylagan edi.

Menga kelganda esa, odamlardagi g‘azab, muxlislardagi norozilik... Men ana shu ajiotaj markaziga tushib qoldim. Ayblovlar, e’tirozlar... Masalan, Sergeev nomunosib, shaxsiy manfaatini deb uni maydonga tushirgan... Kelinglar, faktlar bilan gapiraylik. Birinchidan, Sergeevni milliy jamoaga mendan oldin ishlagan murabbiylar ham taklif etgan. Ikkinchidan, Sergeev mening qo‘l ostimdagi «Paxtakor»da o‘ynab, milliy jamoaga chaqirilganida, boshqa futbolchi edi. Men «Paxtakor»dan ketganimdan keyin u boshqa murabbiylar qo‘l ostida bo‘ldi. Uchinchidan, bugunga kelib Sergeev mamlakatimizning eng kuchli va eng iqtidorli hujumchilaridan biri ekanini isbotladi. U gol urmagan o‘yinlarda ham bizning taktik sxemamizda jamoaga katta foydasi tegardi», – deb eslab o‘tdi «Lokomotiv» bosh murabbiyi.

«Diskvalifikasiya qilinganim o‘zbek futbolining zarariga ishladi»

«Menga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar Yurmalaning «Spartak» klubi bosh murabbiyi bo‘lishimga ham xalal berdi. Nega? Bu klub rahbarlari meni jamoaga taklif etishganida UYEFAning yangi qoidalaridan bexabar bo‘lishgan. UYEFA «Pro» lisenziyasini Yevropada o‘qib olgan murabbiylarning huquqlarini himoya qilish uchun yangi tartib joriy etgan bo‘lib, bunda ba’zi istisnolarga ham ruxsat bergan. Masalan, «Sevilya» bosh murabbiyi bo‘lgan Xorxe Sampaoli. U ham jamoaga kelganida alohida suhbatdan o‘tgan. Xuddi shunday mutaxassislar men bilan ham suhbat o‘tkazdi.

Evropada olingan «Pro» lisenziyasini himoya qilish bo‘yicha konvensiya borligiga qaramay, men «Spartak» murabbiyi bo‘la olishim mumkin edi. Bu Jahon chempionatidan oldin edi, o‘sha mutaxassislar kelishdi, suhbat qiziqarli o‘tdi. Rivojlanish strategiyasi, taktika, yangi metodikalar va boshqalar haqida gaplashdik. Keyin o‘sha diskvalifikasiya haqida so‘rashdi. Bu esa vaziyatga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Xullas, ular bosh murabbiy bo‘lishim uchun menga nisbatan istisno qo‘llashga ruxsat berishmadi.

Bundan kim yutqazdi? O‘z kasbining fidoyisi sifatida men yutqazdim. Bundan mamlakatimiz ham yutqazdi, chunki men Yevropa ligasida qatnashgan yagona o‘zbek murabbiyi bo‘lishim mumkin edi. Osiyo futboli ham yutqazdi, chunki bugun hozir birorta ham osiyolik murabbiy Chempionlar ligasida qatnashmayapti. Men qatnashishim mumkin edi. YECHL saralashida «Srvena Zvezda»ga qarshi o‘z uyimizda 0:0 o‘ynab, safarda 0:2ga yutqazib qo‘ydik. 80-daqiqagacha imkoniyatimiz bor edi. Ayni mana shu «Srvena Zvezda» guruh bosqichiga chiqib, YECHL g‘olibi «Liverpul»ni mag‘lub etdi», – deya ta’kidladi Samvel Babayan.

«Kelinglar, bo‘lgan ishlarni unutamiz»

«Diskvalifikasiya qilinganimga kelsak, bu haqda mendan nimadir eshitmoqchi bo‘lsangiz, adashasiz. Chunki, avvalo, men ko‘rgan tarbiya bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ikkinchidan, u odam hozir ishdan ketgan. Uchinchidan, chetlatish ikki haftadan keyin bekor qilinganining o‘ziyoq yetarli fakt. Diskvalifikasiya bekor qilinganini aytmasligimni so‘rashgandi.

O‘sha xatdagi bir gapga guvoh bo‘lishingiz mumkin (jurnalistlardan birini yoniga chorlab, telefonini ko‘rsatdi va undan jumlani o‘qib berdi): «Vatanparvarlik xislatlarini ko‘rsatgani e’tiborga olinib...»

Bu taqiqning bekor qilinishida men tomonimdan namoyish qilingan vatanparvarlik namunasi ham sanab o‘tilgan. Diskvalifikasiya qilinishim adolatsizlik bo‘lgandi. Men bu mavzuga boshqa qaytishni xohlamayman.

Tushunaman, Babayan atrofidagi shov-shuv e’tiborni tortadi, buning ortidan ba’zi OAVning reytingi oshishi mumkin. Lekin, kelinglar, buni unutamiz», – dedi Babayan.

«Boshqa bu mavzuda gapirmoqchi emasman»

«Bu tarixning nimasi yomon? Shunisi yomonki, uning mavzusi futbol emas.

Meni go‘yoki «Bunyodkor» kafillikka olgani haqidagi xat? Bu, menimcha, qandaydir tashkiliy masalalarni hal qilish uchun kerak bo‘lgan va «Bunyodkor»dan yozib berishni so‘rashgan.

«Lokomotiv» esa meni ishga chaqirdi. Bu ikki klub, «Paxtakor»da ishlaganimda raqib bo‘lganimizga qaramay, meni qo‘llab-quvvatladi. Bu esa futbolimizda adolat va oliyjanoblik saqlanib qolganidan dalolat.

Men bu mavzuga ortiq qaytmoqchi emasman. Barchasini batafsil aytib o‘tdim, deb o‘ylayman. Yana bir marta takrorlayman, bular haqida boshqa gapirish niyatim yo‘q.

Bu voqealarda faol ishtirok etgan ba’zi odamlar esa, ko‘rdimki, ko‘z ochib yumguncha o‘zgarib olishadi. Bu – hayot. Barcha harakatlarimiz va so‘zlarimiz uchun xudoning oldida javob beramiz», – deya ta’kidladi «temiryo‘lchilar»ning yangi ustozi.

«Rus klublarida malaka oshirdim. Bizda menejerlar muammosi bor»

«2018 yil yanvar oyida yordamchilarim bilan stajirovka o‘tash uchun Moskvaning «Spartak» klubiga bordik. U yerda ko‘p narsa o‘rgandik. U yerdagi rasmlarimiz shov-shuvga sabab bo‘lgandik, lekin biz piar qilish uchun borganimiz yo‘q. O‘sish-o‘rganish maqsadimiz edi.

Yozda esa bir oy Moskvaning SSKA klubida malaka oshirdik. Viktor Goncharenko boshchiligida Avstriyada o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdik.

Yana nimalar qildim? UYEFA taklifiga asosan, Tallinda «Atletiko» va «Real» o‘rtasida kechgan Superkubokda bo‘ldim. Tahliliy faoliyat bilan ham mashg‘ul bo‘ldim. Hozir futbolimizda menejerlar muammosi bor. Hozir biz shu yo‘nalishda bor kuchimizni ishga solishimiz kerak. Ko‘plab talabalar sport oliygohlarini bitirishyapti, lekin haqiqiy klub menejerlari amalda yo‘q. Biz hakamlarni, inspektorlarni o‘qityapmiz. Professional menejerlarni tayyorlash ustida esa ishlamayapmiz.

Men aynan futboldagi menejment to‘g‘risida ilmiy ish boshlagandim. Lekin fan nomzodi ilmiy darajasini bekor qilishdi. Hozir yana joriy etishgan», – deya qayd etib o‘tdi Samvel Babayan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!