Samarqandda kollej bitiruvchilariga 7 mlrd so‘m berildi

Samarqandda kollej bitiruvchilariga 7 mlrd so‘m berildi

Samarqand viloyatida joriy yilning 9 oyi davomida kollej bitiruvchilarining 176 nafariga 6 mlrd 966 mln so‘m imtiyozli kredit berildi. Mablag‘ ta’lim muassasalarini tugallayotgan yigit-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun taqdim etildi. Bu haqda viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasiga asoslanib Turon24 ma’lum qildi.

Hududlar bo‘yicha eng katta mablag‘ – 2 mlrd 149 mln so‘m Samarqand shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Payariq tumanidagi kollej bitiruvchilariga esa jami 1 mlrd 218 mln so‘m ajratildi. Samarqand tumani yoshlariga umumiy hisobda 755 mln so‘m, Jomboy tumanidagilarga 725 mln so‘m berildi.

Bulung‘ur maishiy xizmat kasb-hunar kollejining bitiruvchisi Shohjahon Hamroqulovga issiqxona tashkil etishiga ko‘maklashish maqsadida 8,1 mln so‘m kredit taqdim etildi. Kadan qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejining bitiruvchisi Ma’rufjon Murodullayev parrandachilik ochish maqsadida 8,6 mln so‘m, Jomboy qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining bitiruvchisi Muxlisa Nusurova tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 6,8 mln so‘m kredit olgan.

“Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga 2018 yilda 30 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan, – deydi boshqarmaning malakali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirish va monitoring bo‘limi boshlig‘i Mansurxon Hamzayev. – Hozirda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 2875 nafar bitiruvchining ro‘yxati tijorat banklariga taqdim etildi”.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!