Samarqand deklarasiyasi: O‘zbekiston islohotlari xalqaro jamoatchilik tomonidan tan olindi

Samarqand deklarasiyasi: O‘zbekiston islohotlari xalqaro jamoatchilik tomonidan tan olindi

Samarqanddagi Kongresslar markazida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) VIII Xalqaro kongressining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dunyoning 35 davlatidan 300 dan ortiq ishtirokchi Samarqand deklarasiyasini qabul qilishib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga an’anaviy Murojaatnoma bilan chiqishdi. Tadqiqotchilar Shavkat Mirziyoyevga joriy yil 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII Xalqaro kongressining ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining samimiy munosabati "Ularni yangi kashfiyotlar va yutuqlarga ilhomlantirayotgani”ni ta’kidladilar.

“Biz, hamfikrlaringiz sifatida Yangi O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” deb nom olayotgan barcha jabhalarda, jumladan, ta’lim, fan, madaniyat va ma’rifatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Yangi O‘zbekiston ilm-fan va ta’lim markazlaridan biri sifatida tobora jahon miqyosida shuhrat qozonmoqda. Yuksak ma’naviyat, ta’lim-tarbiya, shuningdek, mamlakat madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash davlatning barqaror rivojlanishi va farovon kelajak barpo etishining garovidir, degan fikringizga to‘liq qo‘shilamiz”, – deyiladi murojaatda.

Mutaxassislar Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning yuksak minbaridan turib bildirilgan insonparvar Islom g‘oyasi keng qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etib, ma’naviyatni boyitish muhimligini ta’kidladi. “Biz sizning tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va O‘zbekistonning jahon sivilizasiyasi uchun madaniy merosini asrab-avaylash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarning eng faol ishtirokchisi bo‘lishga tayyormiz”, – deyishdi olimlar.

Murojaatda O‘zbekiston rahbarining noyob mualliflik mega-loyihasi – O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi yuksak baholandi. Ishtirokchilar madaniyat maskanlarida bo‘lib, Islom sivilizasiyasi markazi va Imom al-Buxoriy ma’naviyat markazida barpo etilayotgan mahobatli inshootlar bilan tanishdi. Kongress davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazini sifatli mazmun bilan to‘ldirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan 300 dan ortiq ma’ruzalar, takliflar, intervyular, bayonotlar va taqdimotlar taqdim etildi.

“Biz nafaqat O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi faoliyatiga qo‘shilish, balki Sharqda ilm-fan va ma’rifatning yorqin mash’aliga aylanadigan kuchli ilmiy-madaniy platforma yaratishni o‘zimizning eng muhim vazifamiz deb bilamiz”, – deya fikrlarini yakunlashgan olimlar.

Yalpi majlis doirasida ishtirokchilar WOSCU VIII Xalqaro Kongressi yakunlarini sarhisob qildilar va O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi mazmuni uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazining qo‘shma loyihalari “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladilar. Dolzarb vazifalar qatoriga noyob qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish, muzeyshunoslikdagi innovasion ishlanmalar, yangi arxeologik va etnografik ekspedisiyalar, hattoki sun’iy intellektni fanga joriy etish kabi masalalar ham kiradi.

Qabul qilingan Samarqand deklarasiyasi kongressning to‘rt kunlik ishini yakunlab, tadbir ishtirokchilarining taraqqiyot va ma’rifat g‘oyalariga sodiqligini tasdiqladi. IRCICA, TURKSOY, “Al Furqan” jamg‘armasi, Arab dunyosi instituti, Xalqaro Turkiy akademiya kabi 10 ta yirik xalqaro tashkilot rahbarlari, 15 nafar akademik, 40 nafar professor va dosent, 103 nafar fan doktori, 54 ta muzey va kutubxonalar direktorlari, 5 nafar oliy o‘quv yurtlari rektorlari, 5 ta nashriyot uyi direktorlari 35 davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchilar nomidan murojaatni “Al Furqan” jamg‘armasi direktori Sali Shahsivari o‘qib eshittirdi.

"Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizasiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini ahamiyatli deb e’tirof etamiz. Ushbu madaniy-gumanistik megaloyiha Sharqning buyuk olimlari va mutafakkirlarining jahon ilm-fani va sivilizasiyasi, jumladan, musulmon sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi. Biz dunyodagi vaziyatdan tashvishda ekanligimizni bildirmoqdamiz va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT minbaridan turib bayon etgan islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyati haqidagi g‘oyalari alohida e’tiborga loyiq, deb hisoblaymiz. Mazkur g‘oyalarning "Jaholatga qarshi ma’rifat" shiori ostida amalga oshirilishi tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz barcha olimlar va tadqiqotchilarni, madaniyat va jamoatchilik vakillarini xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollarni ochib beradigan ushbu keng qamrovli loyiha atrofida birlashishga da’vat etamiz".

Kongressning yakuniy yig‘ilishida WOSCU xalqaro mukofoti – “Oltin kitob” taqdim etildi, bu yil u Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan 10 nafar sharqshunos olimlarga nasib etdi.

Shuningdek, 20 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan CNN, Euronews, “Rossiya-Kultura”, “Mir”, “Rossiya-24” va Markaziy Osiyo davlatlarining telekanallari jurnalistlari taklif etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!