1 milliarddan ortiq zarar: «Omonqo‘ton»da vijdonsizlar 64 tup daraxt va 2 ming 591 tup o‘simlikka shikast yetkazishgan

1 milliarddan ortiq zarar: «Omonqo‘ton»da vijdonsizlar 64 tup daraxt va 2 ming 591 tup o‘simlikka shikast yetkazishgan

Avvalroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibining telegram kanalida 2-3 avgust kunlari Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘iga bir necha noma’lum shaxs bolalar dam olish oromgohi orqali noqonuniy tarzda kirib, maxsus texnikalar yordamida qazish ishlarini amalga oshirgani haqida xabar berilgan edi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tezkor ishchi guruhi tomonidan holat o‘rganildi. Natijada qonunbuzarlar tomonidan bog‘ hududida texnikalar yordamida tekislash, kovlash ishlari olib borilganligi va «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘iga tegishli bo‘lgan 869 m2 maydonda "Taxti Qoracha” dovoni bilan bog‘lovchi yo‘l hosil qilinganligi ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida yo‘lda mavjud bo‘lgan 7 turdagi jami 64 tup daraxt va butalarga zarar yetkazilgan, shundan 27 tup daraxt va butalar tag qismidan kesilgan yoki qo‘porib olingan, qolgan 37 tup daraxt va butalar esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan. O‘simlik dunyosiga 67 mln 726 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, hududda olib borilgan yo‘l solish ishlari natijasida jami 2296 m2 yer maydonida mavjud Qizil kitobga kiritilgan, kamyob, kamayib borayotgan va noyob tur hisoblangan 12 turdagi 2 ming 591 tup o‘simliklar payxon qilinib, tabiatga 1 mlrd 48 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Umumiy hisobda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 115 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!