JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi

JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi

Daniya ishlab chiqaruvchisi Bavarian Nordic A/S kompaniyasining MVA-BN vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) dastlabki kvalifikasiyasidan o‘tdi va maymunchechakka qarshi birinchi dori bo‘ldi, deyiladi JSST saytidagi xabarda.

MVA-BN vaksinasi 18 yoshdan oshgan odamlarga to‘rt haftalik interval bilan ikki dozada in’eksiya sifatida berilishi mumkin. Muzlatgichdagi dastlabki saqlashdan so‘ng, vaksina sakkiz hafta davomida +2 …+8 daraja haroratda qoldirilishi mumkin.

«Maymunchechakka qarshi vaksinaning dastlabki kvalifikasiyasi Afrikadagi hozirgi epidemiyalar sharoitida ham, kelajakda ham ushbu kasallikka qarshi kurashimizdagi muhim qadamdir. Biz hozir zudlik bilan bu vaksinalar eng zarur bo‘lgan joylarda adolatli taqsimotni ta’minlash uchun vaksinalarni xarid qilish, xayriya va foydalanish masshtabini kengaytirishimiz kerak…», — dedi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus.

MVA-BN hali 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun lisenziyalanmagan bo‘lsa-da, vaksinalash foydalari potensial xavflardan ustun turadigan vaziyatda u chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarda, shuningdek, homilador ayollar va immunitet tanqisligi bo‘lgan odamlarda «yorliqdan tashqari» (farmasevtika preparatlarini tasdiqlanmagan ko‘rsatmalar yoki yosh guruhi bo‘yicha qo‘llash — tahr.) qo‘llanishi mumkin, deyiladi bayonotda.

JSSTga ko‘ra, ma’lumotlar MVA-BN'ning infeksiya manbasi bilan kontaktdan oldingi bir martalik dozasi maymunchechakdan himoya qilishda 76 foiz samaradorlikka egaligi, ikki dozada esa taxminiy samaradorlik 82 foizga yetishini ko‘rsatmoqda.

Maymunchechak — bu Orthopoxvirus jinsiga mansub maymunchechak virusi keltirib chiqaradigan kasallik. Maymunchechak virusining ikkita genetik kladasi mavjud: I va II klada.

Odatiy simptomlar teri toshmasi yoki shilliq pardalarning shikastlanishi hisoblanib, ular ikki-to‘rt hafta davom etishi mumkin va isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, zaiflik va limfa tugunlarining shishishi bilan kuzatiladi.

Odamlar maymunchechakni u bilan kasallangan odam, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan jismoniy aloqa qilish orqali yuqtirib olishi mumkin.

Maymunchechak kasalligi odamda ilk bor 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) qayd etilgan. Infeksiya Markaziy va G‘arbiy Afrikada endemik hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!