Avval Germaniya endi Eron afg‘onlarni deportasiya qilmoqda
Eron 2025 yil mart oyi oxirgacha 2 millionga yaqin noqonuniy afg‘onlarni deportasiya qilmoqchi. Bu haqida Eron huquq-tartibot kuchlari qo‘mondoni Ahmad Rizo Radan ma’lum qilgan deb xabar bermoqda Sputnik Afg‘oniston.
Xabarda aytilishicha, Tehronning 2025 yilning mart oyi oxirgacha 2 mln noqonuniy afg‘onlarni deportasiya qilish bo‘yicha rejalari bor. Qo‘mondonga ko‘ra, Erondagi noqonuniy muhojirlarning sonini aytish qiyin, lekin ularning aksariyat qismini afg‘onlar tashkil qiladi.
BMTning Qochoqlar bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda 4,5 millionga yaqin afg‘on muhojiri bor. Ammo, Eron ommaviy axborot vositalari jami 8 million afg‘on borligi va ularning 4 millioni noqonuniy muhojir ekanligini aytishmoqda.
Eron nashrlarining yozishicha, Tolibonning Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelishi va undan keyingi qashshoqlik millionlab odamlarni Eronga qochishga majbur qilgan. Bu esa Afg‘onistonda gumanitar keskinlikning ortishiga olib keldi. Hozir Eron afg‘on nolegallarini ommaviy deportasiya qilishni boshlashga urinmoqda.
«Mamlakatda noqonuniy qochqinlarning mavjudligi nafaqat ijtimoiy zarar yetkazadi, balki mahalliy aholidan ish joylarini ham olib qo‘yadi,» – degan Eron Ichki ishlar vaziri Iskandar Momeyni.
Afg‘onistonning yana bir qo‘shnisi Pokiston kabi Eron ham toliblar hukumati bilan diplomatik munosabatlarga ega. Deportasiya tartib-taomillari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlarga amal qiladi. Jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan, deportasiya «non-stop» rejimida olib borilmoqda. Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistonning 400 ming fuqarosi 2024 yilning dastlabki olti oyida mamlakatga qaytarilgan. Tahlilchilar deportasiya qilingan afg‘onlarning bir qismi Eronga qaytishini tahmin qilmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 945 km bo‘lib, uning katta qismi aholi yashamaydigan hududlarga to‘g‘ri keladi.