Qozog‘iston mudofaa xarajatlarini 1,3 mlrd dollarga oshiradi
Qozog‘iston mudofaa xarajatlari 2025 yilga kelib 666 milliard tengega (1,3 mlrd dollar) yoki YAIMning 0,68 foiziga yetishi kutilmoqda. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligiga tayanib, “Kursiv” xabar berdi.
Biroq deputat Yermurat Bapi bu mablag‘ armiyaning jangovar tayyorgarligini oshirish va mamlakatni “prognoz qilinayotgan urush”ga tayyorlash uchun yetarli emasligini aytmoqda. Uch yillik byudjet loyihasi taqdimotida deputat Mudofaa vazirligi byudjetini yalpi ichki mahsulotning 1 foizigacha oshirishni talab qildi.
U buni mintaqada geosiyosiy xatarlar ortib borayotgani bilan asosladi. Xususan, noma’lum ekspertlarning 2030 yilga borib global mojaro bo‘lishi mumkinligi haqidagi prognozlariga ishora qildi.
Agar bizning mudofaa xarajatlarimizga Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ajratilgan mablag‘lar juda kam. Mudofaaga yalpi ichki mahsulotning atigi 0,4 foizi (2025 yil uchun) ajratiladi. Bunday hisob-kitoblar qayoqdan kelib qoldi?, dedi deputat.
Unga mudofaa vaziri o‘rinbosari Asker Beysenov javob qaytardi. U YAIMning 0,44 foizi Mudofaa vazirligi byudjeti, 0,24 foizi esa davlat mudofaa buyurtmasi ekanini tushuntirdi. Natijada 2025 yilga kelib, vazirlik YAIMga nisbatan 0,68 foizga teng bo‘lgan mablag‘ oladi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Abzal Beysenbekulining so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilda mudofaa vazirligi xarajatlari qariyb 100 milliard tengega oshadi.