«Qizil kitobning amaldagi nashri “ma’nan eskirgan”» — Fanlar Akademiyasi

«Qizil kitobning amaldagi nashri “ma’nan eskirgan”» — Fanlar Akademiyasi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 1984 yilda chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining birinchi nashrida 163 tur ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 1998 yilda (ikkinchi nashr) 301 tur kiritilgan. 2006 yilgi nashrida muhofazaga olingan o‘simlik turlari soni 305 tani tashkil etgan.

“2009 yildagi oxirgi nashrida muhofazaga muhtoj kamyob 324 tur mavjud, — dedi O‘zRFA Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyev. — Ushbu raqamlar himoyaga muhtoj o‘simlik turlarining soni yildan yilga o‘sib borayotganligini ko‘rsatadi. Ayniqsa floramizdagi ko‘plab endem turlarning yo‘qolib ketish xavfi haqida olimlarning xulosalari tashvishlidir”.

Qizil kitobning amaldagi nashri 2009 yilda nashr etilgani sababli, undagi mavjud ma’lumotlar “ma’nan eskirgan”ligi sababli so‘nggi 10 yil mobaynidagi tadqiqot natijalari umumlashtirilib, o‘simlik turlarining bugungi kundagi zamonaviy holati bo‘yicha ma’lumotlarni keng ommaga taqdim etish uchun Qizil kitobning yangi nashrini chop etish zaruriyati tug‘ilgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, 2019 yilning oxirigacha chop etilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi Qizil kitobga amaldagi Qizil kitob ro‘yxatidan (2009) 8 ta tur chiqarilgan holda, 15 ta tur kiritilmoqda. Ushbu yangi nashr umumiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan, yo‘qolib ketish arafasida turgan kamyob 314 o‘simlik turlarini o‘z ichiga oladi.

Zoologiya instituti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Qizil kitobning navbatdagi soniga kiritiladigan va undan chiqariladigan turlar to‘g‘risida ilmiy ma’lumotlarni yig‘ilib, tahlil qilingani aytildi. Shu davr ichida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining hayvonot dunyosiga oid ikkinchi qismi nashrga tayyor holatga keltirilgan.

Fanlar akademiyasi vise-prezidenti Baxtiyor Ibrohimov yangi tahrirdagi Qizil kitobning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari ro‘yxatiga 21 turdagi hayvonlar — umurtqasiz hayvonlarning 5 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi, qushlarning 4 turi va sutemizuvchilarning 7 turi kiritilishini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!