Putinning reytingi yanada pasaydi

Putinning reytingi yanada pasaydi

Rossiyaliklarning o‘z prezidentlari Vladimir Putinga ishonch reytingi bir oy ichida yanada pasaydi. Hozirda 25 foiz rossiyalik Putinga hammadan ko‘proq ishonishini aytgan. Bundan “Levada-sentr” o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari darak bermoqda

22-24 may kunlari o‘tkazilgan so‘rovnoma ishtirokchilariga ular hammadan ko‘ra ko‘proq ishonadigan siyosatchilarni aytish taklif qilingan. Putinning nomini 25 foiz respondent tilga olgan. Aprelda Rossiya prezidenti reytingi 28 foiz bo‘lgandi.  

Bunday pasayishga qaramay, Putin siyosatchilar orasida bu borada 1-o‘rinni egallamoqda. 2-o‘rinni mudofaa vaziri Sergey Shoygu (14 foiz), 3-o‘rinni bosh vazir Mixail Mishustin (11 foiz) egallagan.

Muxolifatchi Aleksey Navalniy va Moskva meri Sergey Sobyaninning reytingi esa bir xilda 4 foizni tashkil qilgan.

Aniqlanishicha, Putinga 55 yoshdan katta ayollar, pensionerlar, rahbarlar va direktorlar ko‘proq ishonadi.

2017 yil noyabrdagi shunday so‘rovnomada Putinning reytingi 59 foizni tashkil qilgan. 2019 yil iyunida esa bu ko‘rsatkich 40 foizga, joriy yil yanvarida esa 28 foizgacha pasayib ketgan. 

Joriy aprelda “Levada-sentr” rossiyaliklarning Putinga ishonchi tarixiy minimumgacha – 59 foizgacha kamayib ketgani ma’lum qilingan. Kremlda bunga javoban “Levada-sentr” o‘tkazadigan so‘rovnomalarga markaz olib boradigan uslublar sababli to‘liq ishonmasliklari aytilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!