OAV: Gulnora Karimovaning uyida va seyflarida qiymati 38 mln Shveysariya frankiga teng soatlar va zargarlik buyumlari topilgan

OAV: Gulnora Karimovaning uyida va seyflarida qiymati 38 mln Shveysariya frankiga teng soatlar va zargarlik buyumlari topilgan

Zeromax kompaniyasi 2006—2009 yillarda O‘zbekiston Birinchi Prezidentining qizi Gulnota Karimovaning hisob-kitoblarini to‘lagan. Bu haqda Shveysariyaning Tages-Anzeiger va Tribune de Genève nashrlariga tayanib, «Kun.uz» xabar bermoqda.

Gulnora Karimova 2009 yilda «Nasha Gazeta» nashriga bergan intervyusida Zeromax kompaniyasiga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan.

Zeromax kompaniyasi Shveysariyaning Sug shahrida 2005 yilda ro‘yxatdan o‘tgan va O‘zbekistonning neft va gaz savdosi bo‘yicha shartnomalarini amalga oshirgan. 2010 yilda Zeromax bankrot bo‘lgan va o‘zidan keyin 191 ta kreditor oldida 5,6 milliard Shveysariya frankiga teng ulkan qarzlarni qoldirgan. Kompaniyaning bankrotligidan Shveysariya va Germaniyadagi ko‘plab kompaniyalar zarar ko‘rgan. Ular Zeromax Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, deb hisoblaydi va uning muzlatib qo‘yilgan aktivlarining bir qismini yetkazilgan zarar uchun to‘lov sifatida ularga qaytarishni talab qilmoqda.

Zeromax ko‘pincha Gulnora Karimova bilan aloqdorlikda eslanadi, aslida kompaniyani kim nazorat qilgani noma’lum. 2009 yilda «Nasha Gazeta» nashriga bergan intervyusida Gulnora Karimova Zeromax’ga aloqadorligi yuzasidan berilgan savolga shunday javob bergan: «Haqiqatda bunday ma’lumot internetda paydo bo‘ldi va shundan buyon menga yopishib qoldi. Bu kompaniyaga mening hech qanday aloqam yo‘q, albatta, kompaniya bilan nafaqat u yerda ko‘plab do‘stlarim ishlagani uchun, balki uning mamlakatimiz hayotida o‘ynayotgan roli bo‘yicha yaxshi tanishman».

Tages-Anzeiger va Tribune de Genève jurnalistlari esa boshqacha fikrda. Ularning qo‘liga 2016 yilda tuzilgan polisiya hisoboti tushgan. Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Gulnoraning uyida va Jenevaningi Lombard Odier bankidagi seyflarida o‘tkazilgan tintuvlar vaqtida qiymati 38 million Shveysariya frankiga teng soatlar va zargarlik buyumlari, xususan, yoqut zanjir, yirik qizil brilliantli halqa topilgan.

Bundan tashqari, polisiya hisobotida Shveysariya va Germaniya kompaniyalari Gulnoraga uning Kolonidagi «Magnoliya» villasi ta’miri uchun yuborgan hisoblari, Fransiya va Gonkongda ko‘chmas mulk sotib olingani haqida ma’lumot, yevropalik futbolchilarning O‘zbekistonga transferi uchun to‘lovlar mavjud. Bu hisoblarning ba’zilarini Gulnoraning o‘zi to‘lamagan, ularni Zeromax kompaniyasiga yo‘naltirgan. Jurnalistlarning hisoblashicha, Zeromax tomonidan Gulnora Karimovaning topshirig‘iga binoan uning manfaatlari uchun to‘lagan to‘lovlarning umumiy summasi 127 million Shveysariya frankini tashkil qiladi.

TdG tomonidan xabar qilinishicha, tergovchilar Zeromax hisobraqamlaridan Gazprombankning Syurixdagi filialidagi ofshor kompaniyalarning hisobiga o‘tkazilgan pullar bo‘yicha dalillarni ham topgan. Mazkur kompaniyalar Gulnora Karimovaga aloqador bo‘lishi mumkin: 2006—2009 yillarda 370 million Shveysariya franki o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, 2010 yilda barcha pullari olib qo‘yilgan Zeromax bankrot bo‘lgan.

Shveysariya savdo reestrida kompaniya O‘zbekistonning ikki fuqarosi nomiga ro‘yxatga olingan. 2017 yilga qadar Zeromax bankrotligi bo‘yicha ish Karimovaga qarshi tergovning bir qismi bo‘lgan. Biroq keyinroq jinoiy ishlar bo‘yicha federal sud Zeromax tomonidan Karimovaning foydasiga o‘tkazilgan ko‘p sonli to‘lovlar Gulnora Karimovaning kompaniya ustidan nazoratni amalga oshirgani haqida guvohlik bermaydi, degan qarorga kelgan. Sud Zeromax’ning sobiq menejerlari ko‘rsatmalarini muhimroq deb hisoblagan. Ularning ko‘rsatmalari Karimova kompaniyaga aloqador bo‘lmaganini tasdiqlagan. Zeromax kreditorlarining advokatlari esa menejerlar bosim ostida ko‘rsatma bergan, deb hisoblaydi.

Joriy yilning 9 mayida Federal kengash dastlabki qarorni qabul qilgan: muzlatib qo‘yilgan 800 million Shveysariya franki to‘liq hajmda O‘zbekistonga qaytarilishi kerak, chunki pullar korrupsion faoliyat va O‘zbekiston davlatiga yetkazilgan zarar natijasida olingan, deb hisoblanadi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!