Nurimon Abulhasan Ka’batullohga kirib, uni yuvishda qatnashadi

Nurimon Abulhasan Ka’batullohga kirib, uni yuvishda qatnashadi

O‘zbekistondan Haj-2018 yil mavsumi ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan Makkai munavvarada Ka’ba kalitdori (hojibi) sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlari bilan uchrashdi.    
Tarixdan ma’lumki, Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganlaridan keyin, uning nazoratini o‘g‘illari Ismoil alayhissalomga topshiradilar. Ka’baning kaliti dastlab Ismoil alayhissalom, so‘ngra ularning avlodlarida bo‘ldi. Keyinroq, kalitni Ismoil alayhissalom avlodlaridan Yamanning Jurhum qabilasi, so‘ngra Jurhumdan Xuzoa qabilasi tortib oldi. Bundan XVI asrlar oldin Qusay ibn Kilob Xuzoa qabilasi ustidan g‘alaba qozonib, kalitni Qurayshga – Ismoil avlodlariga qaytardi.  
Rasululloh (s.a.v.)  nasablari quyidagicha:  Muhammad ibn Abdulloh ibn Abulmuttolib ibn Hashim ibn Abdul Manaf ibn Qusay ibn Kilob. Binobarin, Qusay ibn Kilob Rasululllohning sav 4-bobolari hisoblanadi.  
Qusay ibn Kilob o‘limidan oldin Ka’ba hojibligi (kalitdorlik) katta o‘g‘il Abduddorga meros qoldi. Shu bilan Ka’ba hojibligi Rasululloh (s.a.v.) Makkani fath qilib, islom nurini muqaddas diyorga qaytargunlaricha Qurayshning Bani Abduddor oilasida bo‘ldi. Bu oilaning rahbari Usmon ibn Tolha Makka fathidan oldinroq Xolid ibn Valid bilan hijrat qilib, islomga kirgan edilar.  Makka fath etilgani kuni Rasululloh Usmon ibn Abu Tolhani oldilariga chorlab:  “Ey, Abu Tolha o‘g‘illari, hojiblikni – kalitdorlikni avloddan avlodga abadiy meros o‘laroq olinglar, uni sizlardan faqat zolimgina tortib oladi”, dedilar. Shunday qilib Ka’ba kalitdorligi ba’zi qisqa uzilishlarni hisobga olmaganda 1400 yil davomida Usmon ibn Tolha avlodlari qo‘lida saqlangan.  
Kuni kecha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abulhasan Ka’batulloh kalitdorlari bo‘lgan Usmon Ibn Tolha avlodlarining uyida mehmon bo‘ldi.  
Buyuk sahobiy avlodlari uy muzeyida Ka’batulllohning qadimgi va bugungi kundagi kalitlari, turli asrlardan saqlanib qolgan ka’bapo‘sht parchalari, Ka’bani ta’mirlash vaqtida uning ostidan topilgan qadimiy tarixiy ashyolar, yozuvlar va xazinalar saqlanadi.    
Uchrashuvda  sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlari Imom Buxoriy yurtini ziyorat qilish va  Hazrati Imom majmuasidagi Usmon Mus’hafini ko‘rish orzusida ekanini aytgan.
Nurimon Abulhasan sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlarini O‘zbekistonga taklif qildi va navbatdagi uchrashuv yaqin kelajakda Imom Buxoriy yurtida bo‘lishiga kelishib olishdi.
Uchrashuv so‘nggida sahobiy avlodlari O‘zbekiston delegasiyasini muqaddas Ka’batullohga kirish va uni yuvish marosimiga taklif etdi. Bu sharafli an’ana Saudiya Podshohi ishtirokida o‘tkazilib, faqat martabali mehmonlargagina nasib etadi. Xususan Markaziy Osiyodan bu tadbirga faqat O‘zbekiston “Haj-2018” ishchi guruhi rahbari Nurimon Abdulhasan taklif etilgan, xolos. 

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!