Nikohlanuvchi shaxslar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etmoqda

Nikohlanuvchi shaxslar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etmoqda

Jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, aholining hayot darajasini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimi tubdan isloh bo‘lib, yangi darajaga ko‘tarilgani mustaqilligimizning 30 yilligida xalqimizga katta tuhfa bo‘ldi.

Mazkur islohotlarning huquqiy jihatdan yanada mustahkamlanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinganligi bilan ahamiyatlidir.

Chunki mazkur qaror aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yangi tizimga asos bo‘ldi. Jumladan, birgina poytaxtimiz misolida oladigan bo‘lsak, hozirda tuman FHDYo bo‘limlarining barchasi zamon bilan hamnafas uyg‘unlikda xalqimizga xizmat ko‘rsatmoqda.

Davlat xizmatlari agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etishga arizalar berish tizimini joriy qilish vazifasi yuklatilgan. Bugungi kunda nikohlanuvchi shaxslar o‘zlarining elektron raqamli imzosi bilan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etishga arizalarni berishga ko‘nikdi.

FHDYo bo‘limi mas’ul xodimi esa “FHDYo yagona elektron axboroti” tizimi orqali arizasini qabul qiladi va nikohlanuvchilarga elektron shaklda tibbiy ko‘rikka yo‘llanma va nikohni qayd etish muddati haqida ma’lumot berishi yo‘lga qo‘yilgan. Darhaqiqat, hozirgi kunda fuqarolar portaldagi shaxsiy kabinetlari orqali onlayn tarzda nikohga kirish haqidagi ariza bilan FHDYo bo‘limiga murojaat etish huquqlari to‘la amalga oshmoqda.

Shuningdek, Toshkentda pilot loyiha ishga tushirildi – bola tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnomalar Davlat xizmatlari markazlarida «yagona darcha» prinsipi ham yo‘lga qo‘yilgan. Birinchidan, aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar, ortiqcha qog‘ozbozlik, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim bo‘lmagan hujjatlarni talab qilish, ovoragarchilik va sansalorliklarga chek qo‘yildi. Ikkinchidan, milliy qonunchiligimizning bu boradagi mantiqiy va amaliy takomili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mazkur tizimni takomillashtirish xususidagi huquqiy asoslarini kengaytirdi.

Bu borada FHDYo organlari faoliyatida yangi bo‘lgan eksterritorial tamoyilning joriy etilishi fuqarolarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslarning pochta manzilidan qat’i nazar, istalgan hududdagi FHDYo idoralariga murojaat qilish huquqi berilgani, keng imkoniyat va qulaylik yaratdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, mazkur huquq aholiga FHDYo organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni sifat jihatidan yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Quvonarli jihati, bugungi kunda xizmatlarni ko‘rsatish qulay, tez va shaffof amalga oshirilmoqda. Chunki respublika bo‘yicha shu sohaga tegishli ma’lumotlar olish uchun barcha vazirlik, idora va muassasalar bilan ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan tizim, ya’ni elektron va onlayn qabullar tashkil etilgani hamda FHDYo bo‘limida mavjud ko‘p turdagi arizalar xodim tomonidan elektron ravishda to‘ldirish tizimi yaratilganidadir. Bunda tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi va boshqa turdagi gerbli guvohnomalarni elektron ravishda to‘ldiriladi, barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari elektron ravishda «FHDYo Yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritiladi.

O‘z navbatida, respublikadagi FHDYo bo‘limlari, viloyat FHDYo arxivlaridan tug‘ilganligi qayd etilmaganligi, nikohda turmasligi haqidagi ma’lumotlarni endilikda eksterritorial tartibda Davlat xizmatlari markazlari orqali olinishi tartib bilan belgilab qo‘yilgani ham yangilikdir. Bundan tashqari, to‘lovlar billing invoys orqali to‘lash tartibining kiritilganligi fuqarolarimiz uchun qulaylik hisoblanadi. Mazkur tizimda elektron tizim orqali tibbiyot muassasalari, tug‘ruqxonada bola tug‘ilishi bilan elektron ravishda FHDYo bo‘limiga ona va bola haqidagi ma’lumotlarning ma’lumot aylanishi yo‘lga qo‘yilgan. U «FHDYoning yagona elektron arxivi» tizimi bilan birgalikda ishlaydi. Natijada bolalar tug‘ilganligi dalillarini qayd etmaslik holatlariga barham berish ko‘zlanmoqda.

Yana bir jihatiga e’tibor bersak, joriy yilning 1 iyunidan fuqarolarimizning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgani inson manfaatlarining barcha narsadan ustunligini ta’minlamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!