MIB xodimlari oldida o‘zini yoqib yuborgan andijonlik fuqaro kasalxonada vafot etdi

MIB xodimlari oldida o‘zini yoqib yuborgan andijonlik fuqaro kasalxonada vafot etdi

Andijonda 45 foiz darajadagi kuyish holatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolanayotgan Xushnud G‘oyibnazarov vafot etdi. Bu haqda uning opasi «Effect.uz» axborot agentligiga ma’lum qildi.

Andijon tumani, Beshbo‘ynoq MFY, Bodomzor ko‘chasi, 140-A uyda yashovchi Xushnud G‘oyibnazarov yashayotgan uyi bilan kelib chiqqan muammolar tufayli MIB xodimlari guvohligida ustidan benzin sepib, o‘zini yoqib yuborgan edi.

Mudhish voqea joriy yil 21 yanvar kuni Xushnud G‘oyibnazarovning yashash uyi atrofida sodir bo‘lgan. MIB matbuot xizmati boshlig‘i Farruh Toshpo‘latovga ko‘ra, byuroning Andijon tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqaro Z.G. va uning oila a’zolarini Andijon tumani, Ayrilish MFYda uydan majburiy tartibda ko‘chirish hamda da’vogar M.B.ni ushbu uyga kiritish haqida ijro hujjati mavjud bo‘lib, 21 yanvar kuni kechga yaqin mas’ul xodimlar ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qayd etilgan manzilga chiqqan.

MIB xodimlari, shuningdek, da’vogar va javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida taraflar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab ijro harakatlari bir kun keyinga — 22 yanvarga qoldiriladi. Shundan so‘ng MIB xodimlari va ijro harakati uchun jalb qilingan boshqa shaxslar qayd etilgan manzildan chiqib ketayotgan vaqtida javobgar Xushnud o‘ziga benzin sepib, o‘t qo‘yib yuboradi.

Oqibatda tanasining 45 foizi kuyib, og‘ir tan jarohat bilan shifoxonaga tushadi.

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, MIBda sud qarorlari muhokama etilmaydi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ijrosi ta’minlanishi shart. Sud qarorlari ijrosini vaqtincha to‘xtatishning esa qonuniy tartiblari bor.

Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha Andijon tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!