Masjidlarni kim obod qiladi?

Masjidlarni kim obod qiladi?

Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to‘kis ado etgan, haqdorlarga zakot bergan, yolg‘iz Allohdangina qo‘rqadigan zotlar obod qilurlar. Ana o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lsalar ajab emas , deyilyapti oyati karimada. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjidni qurish va uni obod qilish borasida ko‘plab targ‘iblar keladi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha joy bunyod qiladi .
Muttafaqun alayh.

Ibn Moja hazrati Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qiladilar:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: Kim Alloh uchun bir kabutar tuxum qo‘yadigan joychalik yoki undan ham kichikroq bir masjid qursa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi .
Kabutar tuxum qo‘ya oladigan joyda namoz o‘qib bo‘lmaydi, azizlar. Inson bunday kichik joyga sig‘maydi. Demak, bu yerda majoz va mubolag‘a qoidalari bor. Hadisi sharifda bu istilohni keltirishdan maqsad shuki, qay bir inson nihoyatda kichik bo‘lsa ham, lekin ichiga kirib, namoz o‘qisa bo‘ladigan birorta masjid qursa, Alloh o‘sha insonga jannatda bir uy bino qilar ekan. Demak, qurilgan masjidning katta-kichikligi e’tiborga olinmas ekan. Musulmon odam bir kishi namoz o‘qiydigan joyni tayyorlab bersa ham, jannatda unga bir qasr bino qilinaveradi.
Ba’zi ulamolarimiz hadisda kabutar tuxum qo‘yadigan joy deganda masjid qurilishiga kichik bo‘lsa ham hissa qo‘shish nazarda tutilgan, deydilar. Bir masjidni qurib bitirishga juda ko‘plab odamning mehnati singadi: uni qurishda ustalar, ishchi va xizmatchilar ishtirok etadi, homiylar o‘z hissalarini qo‘shadilar, har bir musulmon banda masjidga bitta g‘isht qo‘yib bo‘lsa ham hissa qo‘shishni istaydi. Binobarin, masjid bino bo‘lgandan keyin farazan taqsimlansa, kabutar tuxum qo‘yadigan joydek yoki undan-da kichik ulushda hissasi qo‘shilgan odamga ham Alloh taolo jannatda bir qasr qurib beraverar ekan.

Ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahulloh

Manba: mehrob.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!