La liga. «Kataloniya derbisi» Messiga ataldi

La liga. «Kataloniya derbisi» Messiga ataldi

Ispaniya chempionatining 15-turi doirasida muxlislar Kataloniya derbisiga guvoh bo‘lishdi. "Barselona" hamshahri — "Espanyol" maydoniga safar uyushtirib, yirik hisobda g‘alabani tantana qildi.

Valverde shogirdlari tanaffusga qadar amalda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishdi. Bahsning 17-daqiqasida Messi jarima zarbasidan ajoyib zarba berib, Diyego Lopes qo‘riqlayotgan darvozaning chap yuqori burchagiga to‘pni joylab qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmasdan Leoning uzatmasidan keyin Dembele raqib darvozasiga ikkinchi to‘pni yo‘lladi. Bo‘limning so‘nggi daqiqasida esa Usmonning pasidan keyin Suares yakkama-yakka vaziyatga chiqdi va o‘tkir burchak ostida to‘pni darvozabonning oyoqlari orasida o‘tkazib, hisobni 0:3ga yetkazdi.

Birinchi taymning o‘zidayoq hisob o‘ta yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Suaresning birga-bir vaziyatda bergan zarbasini Lopes qaytargan bo‘lsa, Luis va Messining bittadan zarbalari darvozaning ustunlariga tegib qaytdi.

Ikkinchi bo‘limda "Barsa" sardori yana bir marta jarima zarbasini golga aylantirdi. Messi bu safar narigi "to‘qqizlik"ni aniq nishonga oldi. Lionel La liganing ushbu mavsumidagi gollari sonini 11taga yetkazib oldi.

"Espanyol" bir marta javob to‘pini kiritgandi. Ammo VAR tizimi ofsayd tufayli bu golni bekor qildi.

Ushbu g‘alabadan keyin "Barselona" o‘z ochkolarini 31taga yetkazib, peshqadamlik qilishda davom etadigan bo‘ldi. "Sevilya" ushbu turda ochko yo‘qotgani sababli, "ko‘k-anorranglilar" endi ta’qibchilardan 3 ochkoga ilgarilab ketishdi.

Ispaniya La ligasi, 15-tur
ESPANYOL – BARSELONA 0:4 (0:3)
Gollar: 0:1 – 17 Messi, 0:2 – 26 Dembele, 0:3 – 45 Suares, 0:4 – 65 Messi.
Espanyol – Lopes, David Lopes, Vila, Lopes, Duarte, Darder (Granero, 74), Mark Roka, Melendo (Garsiya, 63), Sanches, Peres (Baptistao, 59), Iglesias.
Barselona – ter Shtegen, Pike, Alba, Nelson Semedu, Langle, Rakitich (Denis Suares, 82), Buskets, Vidal, Dembele (Koutinyo, 68), Messi, Suares (Munir, 79).
Ogohlantirish: Vila (79).

Manba: stadion.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!