Kimlar talabalikka munosib: SamDUda "bunker" bo‘lganmidi?

Kimlar talabalikka munosib: SamDUda "bunker" bo‘lganmidi?

8 noyabr kuni Milliy matbuot markazida test sinovlari yakunlari bo‘yicha Davlat test markazi mutasaddilari bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tganini xabar qilgan edik.

Anjuman ham hisobot, ham ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.

Xususan, anjuman boshlanishida DTM mutasaddilari navbatma-navbat ma’ruza qilmay, uni o‘zaro savol-javoblar bilan o‘tkazishni taklif qilishdi. Mazkur yondashuvni anjumanga kelgan jurnalistlar ma’qullashdi.

Yig‘ilishda qanday muhim masala ko‘tarildi?

Bo‘layotgan suhbat va yondashuvdan kelib chiqib, DTM testologiya, test topshiriqlari bazasi boshqarmasi boshlig‘i Sevar Zuparxo‘jayevaga Turon24 muxbiri savol berdi:

– O‘tgan yili superkontrakt loyihasi joriy qilindi va kam ball to‘plaganlar hujjatda keltirilgan pulni to‘lagach, talabalikka tavsiya etildi. Ya’ni yetarli bilimga ega bo‘lmagan abituriyent katta pul evaziga talaba bo‘ldi. Ular ta’lim jarayonida oqsab qolmaydimi? Ulardan yaxshi kadrlar chiqadi deya olasizmi? Loyihada mana shu jihatlar hisobga olinganmi?

– Kam ball to‘plab, o‘rta va yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar qatori talabalikka qabul qilingan yoshlarni o‘qib ketolmaydi yoki yaxshi o‘zlashtiradi deb oldindan aytolmaymiz. Bu tizim bizda endi qo‘llanmoqda. Mazkur holatga baho berishga hali erta, ya’ni hech bo‘lmasa yarim yillikda o‘tkaziladigan imtihon natijalarini (super kontrakt 2017 yildan qo‘llangani yodidan ko‘tarildi – Turon24) kutishimiz kerak. Qolaversa, o‘qishga kirgan abituriyent zimmasiga talabalik vazifalari yuklatilgandan keyin unda o‘z-o‘zidan o‘qish, ta’lim olish va bunda javobgarlikni his etish majburiyati uyg‘onadi.

– Bilasizki, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyati mana shunday ishlar bilan shug‘ullanishga qaratilgan. Shu bois hamkorlikda mazkur yilda qabul qilingan talabalardan yarim yillikda olinadigan imtihon davrida yana bir test olish borasida ishlar olib borilmoqda, – deb javobga qo‘shimcha qildi DTM test sinovi natijalarini hisoblash, ta’lim muassasalariga taqdim etish va DTM saytida joylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Eshniyozov.

SamDUda bo‘lgan test sinovlari haqida qanday javob bo‘ldi?

Yig‘ilishda ishtirok etgan DTM direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyevdan Turon24 muxbiri bu yil ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan Samarqand davlat universitetida davlat test sinovlari shaffof bo‘lmagani haqidagi xabarlar qanchalik to‘g‘ri yoki yo‘qligini so‘radi. Qahramon Haqberdiyev bu haqda hali aniq bir narsa deyolmasligini ta’kidlarkan: "Mazkur test sinovlari o‘tkazilgan joyga o‘rnatilgan nazorat kameralarining yozuvini Bosh prokuratura o‘rganmoqda, ishlar nihoyasiga yetgach OAVga albatta xabar beradi", – deb aytib o‘tdi.

Turon24


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!