“Kapitalbank”da rus tilini bilmaydiganlarga xizmat ko‘rsatilmaydimi?

“Kapitalbank”da rus tilini bilmaydiganlarga xizmat ko‘rsatilmaydimi?

Toshkentlik fotograf Elyor Ne’mat o‘zining Facebook sahifasida “Kapitalbank” bilan bog‘liq noxush vaziyat haqida yozdi. Elyor Ne’matga ko‘ra, bank xodimi u o‘zbek tilida murojaat qilgani uchun xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan.

Odatdagidek o‘zbek tilida boshlagan gapimni eshitgan 8-darcha xodimi menga beparvo nigoh bilan, qo‘pol ohangda: “O‘rningizni o‘zgartiringdeb yonidagi 9-darcha yo‘naltirdi”.

Mijoz bank xodimidan shartnomaning o‘zbek tilidagi nusxasini so‘ragan, lekin bank mutasaddilari shartnomaning o‘zbekcha versiyasini topib bera olmaganlar.

Shartnoma to‘liq rus tilida ekan, unda o‘zbek tilida birorta ham jumla yo‘q. Shu shartnomaning o‘zbek tilidagi versiyasini olishim mumkinmi? — deb so‘radim.

Feruza, takabburona jilmayib menga qarab turdi, shu yo‘sinda bir necha daqiqa davom etdi, men esa muloyimlik bilan savolni takrorladim:

 Demak rus tilini bilmaydigan odamlar shartnoma shartlari bilan tanishish imkoniga ega emaslarmi?

— Men sizga hammasini og‘zaki tarjima qilib beraman – dedi Feruza.

 Yo‘q, shartnomaning rasmiy o‘zbekcha versiyasi bo‘lishi kerak – dedim men.

Shundan so‘ng bank xodimi mijozni bo‘lim boshlig‘i Bahrom Po‘latov bilan gaplashib ko‘rishga taklif qiladi. Mijoz undan ham ayni savolni so‘raydi.

Oddiy savoldan hayratda qolgan Bahrom aka 20 soniya sukutdan keyin menga javob berdi:

 Biz hammamiz rus tilini bilamiz-ku. O‘zbekchasi nimaga kerak?

 Rus tilini yaxshi bilmaydigan odam sizga murojaat qilsa, ushbu shartnomada nima yozilganini qanday tushunishi mumkin?

...Bahromning noaniq javoblaridan keyin men savolni yana takrorladim:

 Nima uchun O‘zbekiston fuqarolari sizning bankingizda o‘zbek tilida shartnoma tuzish imkoniyatidan mahrum?

Mijoz bo‘lim boshlig‘idan ushbu masala bo‘yicha katta boshliqlardan so‘rab bilib berishini talab qilgan.  

“— Rahbariyat shartnomaning o‘zbekcha versiyasi tarjima qilinish jarayonidaligini aytdi – dedi Bahrom.

 Qachon bo‘ladi? Bir haftada ikki haftada, bir oyda? Tekshirish uchun qachon kelsam bo‘ladi?

 Biz bilmaymiz, — dedi hali hanuz garang bo‘lib turgan Bahrom.

 O‘zbek tili rus tili kabi muhim emasmi? Rus tilini bilmagan odamlar nima qilishlari kerak?

Bahrom jim turar edi va telefon orqali tarjima qilish jarayoni haqida javobni o‘ylab topgan rahbar ismini aytishdan bosh tortdi.

Elyor Ne’mat postini shunday xulosa bilan yakunlagan:

Kapitalbank rus tilini bilmaydigan mijozlar bilan mutlaqo qiziqmaydi. Agar siz rus tilida yetarlicha gapira olmasangiz, unda ular siz va sizning huquqingizga tupurib qo‘ygan. Chunki siz qanday shartlarga imzo chekayotganingizni ham bilmaysiz. Rus tilini mening ota-onam kabi yaxshi bilmaydigan nafaqaxo‘rlar bu xo‘rliklarga chidashdan boshqa iloji yo‘q...

Elyor Ne’matning bu mulohazalari ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Postga izohlarda “Kapitalbank” raisi o‘rinbosari Sergey Gimadiyev bu noxush holat uchun uzr so‘ragan va tez orada muammo hal qilinishiga va’da bergan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!