Ishlayman degan tadbirkorning qarzidan ham kechiladi

Ishlayman degan tadbirkorning qarzidan ham kechiladi

Prezidentimizning joriy yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni biznesni rivojlantirishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, mamlakatda investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda yana bir yangi qadam bo‘ldi. 

Ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasining mazkur farmon kuchga kirgan vaqtda mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikni hisobdan chiqarish taklifi ma’qullandi. Jumladan, ushbu taklif 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarga, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslarga tatbiq etiladi.

 Ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish, mazkur bandning tegishli ravishda ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hollarda amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur farmon bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi bo‘yicha belgilangan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qat’iy belgilangan soliqni bir yo‘la undirish tartibi bekor qilinganini ta’kidlash lozim.

Joriy yilning 1 sentyabridan tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi. Demak, tekshiruvlarni tayinlashning 2 ta algoritmi joriy etilmoqda. Jumladan, ularning bir qismi Bosh prokuratura (Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tugatilganidan keyin vakolatli organ) bilan kelishilgan holda, boshqalari esa Bosh prokuraturani xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Shuningdek, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Mazkur farmon iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini va tayanchi hisoblangan tadbirkorlarning faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini mustahkam himoya qilish, ishbilarmon doira vakillari uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!