Farg‘onada ”zamonaviy qaroqchilar”ga hukm o‘qildi

Farg‘onada ”zamonaviy qaroqchilar”ga hukm o‘qildi

Farg‘ona vodiysi viloyatlarini Toshkent shahri bilan bog‘lovchi milliy avtomagistral yo‘lida turli yuk va mahsulotlarni tashuvchi haydovchilarga bosqinchilik qilib, moddiy boyliklarni talagan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. 

Amir Temur davrida ham Buyuk Ipak yo‘lida harakatlanayotgan savdogarlar xavfsizligini ta’minlashga muhim e’tibor berilgan. Yo‘llarni qo‘riqlash, o‘tkinchi savdogarlar, musofirlarning mol-mulki va boshqa narsalarini manzildan manzilga yetkazib qo‘yish uchun kuzatuvchilar, maxsus xizmatchilar tayinlangan. Ular yo‘lda biror kishining narsasi yo‘qolsa, unga shikast yetkazilsa yoki boshqa kor-hol yuz bersa, javobgar bo‘lgan, qaroqchilarni esa ayovsiz jazo kutgan... 

Bugungi kunda ham mamlakatimizda yo‘llarda xavfsizlik ta’minlangan bo‘lib, kechasiyu kunduzi haydovchilar bexatar yo‘lovchi va yuklarni o‘z manziliga yetkazmoqda. Afsuski, oramizda nafs ko‘yiga tushib, osonlik bilan boylikka erishmoqchi bo‘lgan, o‘zgalarning mol-mulkiga ko‘z olaytirgan kimsalar ham uchrab turibdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan 11 kishidan iborat zamonaviy “qaroqchilar” – jinoiy guruh a’zolariga nisbatan hukm o‘qildi. 

Bu jinoiy guruh transport vositasida Andijon-Toshkent-Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarga nisbatan bosqinchilik qilish, shu yo‘l bilan osongina boylikka ega chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan bo‘lib, kimdir jinoyat sodir etish qurollari va vositalarini tayyorlab berish, yana kimdir esa avtomashinalarning harakatlanish vaqti haqida xabar berib turish, qolganlari esa bevosita jinoyatni bajarish bilan shug‘ullanib kelgan. Eng achinarlisi shuki, ular orasidan 1 nafari ichki ishlar idorasi, 2 nafari esa davlat soliq inspeksiyasining sobiq xodimlaridir.

Andijon viloyati Qorasuv shahrilik Doniyor Yuldashev ilgari og‘ir jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan. U jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, transport vositasida Andijon-Toshkent-Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarni aniqlab, ularning harakatlanish yo‘nalishlari va transport vositasiga joylashtirilgan moddiy qimmatliklar haqida jinoyatning boshqa ishtirokchi (bajaruvchi va yordamchilar) lariga ma’lumot berib, ular tomonidan bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan moddiy qimmatliklardan ulush olishni rejalashtirgan. 

2018 yil 4 may kuni jinoiy harakatni amalga oshirish uchun oldindan reja tuziladi. R. Hakimov “Afzal” degan shaxs bilan uchrashib, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi D.Mamato‘rayev o‘zining boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli transport vositasida Toshkent - Andijon yo‘nalishida katta miqdorda pul olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot beradi. 

Bundan tashqari, u ilgari og‘ir (bosqinchilik) jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan L.Isomiddinov va boshqalar bilan uchrashib, ularga Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi M.Ismoilov o‘zining boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli transport vositasida 2018 yil 20 may kuni tunda Toshkent – Qorasuv yo‘nalishida pul olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan.

“Katta o‘lja”ning “hidini olgan” R.Hakimov D.Yuldashevning tashabbusini amalga oshirish maqsadida akasi B.Hakimov va F.Bektashev, J.Ahmadjonov, J.Tojimahammatov, Q.Latipov bilan jinoyatni amalga oshirish uchun qora maska, qo‘lqop, yog‘och va rezina tayoqlar bilan qurollanib, Toshkentdan kelayotgan “o‘lja”ni poylashga tushishadi. 

3 maydan 4 mayga o‘tar kechasi jinoiy guruh a’zolari har biri o‘z vazifalarini “sidqidildan” bajarib, D.Mamato‘rayev boshqaruvidagi “Lacetti”ni to‘xtatib, haydovchi va yo‘lovchilarga hujum qilishadi. Ularni qo‘rqitishib, transport vositasining orqa-yon oynalarini o‘zlaridagi yog‘och va rezina tayoqlar bilan urib sindirishadi. Haydovchi va yo‘lovchilarni transport vositasidan tushirib yuborishib, “Lacetti”ni olib qochishadi.

Shundan so‘ng, olib qochilgan “Lacetti”ni bir necha kilometr boshqarib borishib, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Uch uy-Qiziltepa avtomobil yo‘lining 3-kilometrida to‘xtashadi. Eshik va yukxonadagi plastmassa qoplamalarni ko‘chirishib, avtomobil salonidan “o‘lja”ni axtarishadi. Lekin o‘zlari kutganidek, pulni topolmay, mashinani shu joyda qoldirishib, o‘z mashinalarida voqea joyidan yashirinishadi. 

Shuningdek, L.Isomiddinov, F.Yuldashev, I.Zokirov va SH.Sobirov 20 may kuni tungi vaqtda “Toshkent – Qorasuv” yo‘nalishida harakatlanayotgan M.Ismoilov boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli transport vositasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddiy qimmatlik (pul)ni bosqinchilik yo‘li bilan egallamoqchi bo‘ldi. Jinoyat izini yo‘qotish maqsadida andijonlik YO.E.ga tegishli bo‘lgan “MAZ-504V” rusumli transport vositasining davlat raqam belgisini F.B. boshqaruvidagi “Lacetti” avtomobiliga “yopishtirib” olishadi. Ularning bosqinchilik jinoyatini sodir etishlari o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlariga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar tayyorgarlik ko‘rish bosqichida to‘xtatilgan. Bo‘z tuman IIB xodimlari tomonidan ular qo‘lga olingan.

Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” degan naql bor. Tergov jarayonida “qaroqchilar”ning boshqa qilmishlari ham yuz ko‘rsata boshladi. Xullas, barcha dalillar asosida bu yigitlarning qilmishlari fosh bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida M. Ibragimov rasiligida mazkur jinoyat ishi adolatli ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilarga nisbatan hukm o‘qildi. D. Yuldashevga 11 yil, boshqa sudlanuvchilarga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchilarning surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilgani haqidagi vajlariga sudda, mazkur jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlarini olib borgan IIB xodimlarini so‘roq qilish va sud-tibbiy ekspertiza tayinlash yo‘li bilan aniqlik kiritilib, bartaraf qilindi. Natijada, ularning vajlari tasdiqlanmadi. Maqbul dalillar - tergov harakatlari video tasviri tushirilgan o‘n uch dona kompakt disdagi videoyozuvlar sudda taraflar, sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari, sud zalida hozir bo‘lgan boshqa shaxslar ishtirokida to‘liq ko‘rib chiqildi. Sudga raislik qiluvchi tomonidan sud tomonidan qabul qilingan qaror yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

Lekin bizni boshqa jihatlar o‘yga toldiradi. Ular jazoni o‘tab ham kelishar, ozodlikka chiqib, oilasi bag‘riga qaytishar ham. Ammo ular yuzini qora qilib, manglayiga tushgan “qaroqchi”, “bosqinchi” degan tamg‘adan qanday qutulishadi? El-yurt, mahalla-ko‘y oldida, farzandlari, nevaralari qoshida nima degan odam bo‘lishadi?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!