Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi qo‘shnilarimizga nima berdi?

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi qo‘shnilarimizga nima berdi?

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) a’zolik Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy, geosiyosiy va hatto ijtimoiy muammolarga duchor qildi.

Bu 2015 yilda tashkil topgan mintaqaviy iqtisodiy tuzilma bo‘lib, unga sobiq sovet mamlakatlaridan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Armaniston a’zo. Hozirda ittifoqqa Rossiya raislik qiladi.

Bu sobiq sovet respublikalarini o‘z nazorati ostida ushlab turishga intilish yo‘lida Rossiya tashkil etgan iqtisodiy alyanslardan biridir. Shunga o‘xshash alyanslardan boshqalari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti hisoblanadi.

Lekin amalda Markaziy Osiyo davlatlari o‘z bozorlarini Rossiya bilan birlashtirish ortidan foyda ololmadi.

Qozog‘iston: narxlarning o‘sishi va Rossiyaga qarshi kayfiyat

Qozog‘iston YEOIIga 2015 yilda qo‘shilishidan oldin aksariyat mahalliy mutaxassislar shartnomaning imzolanishi “nafaqat mamlakatlar (Qozog‘iston va Rossiya) o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuviga, balki ijtimoiy noroziliklarga ham sabab bo‘lishi mumkin”ligidan ogohlantirgan edi.

Bu bashorat o‘sha yilning o‘zida o‘z tasdig‘ini topdi: Qozog‘istondagi Rossiya tovarlari narxi oshib ketdi.

Shuningdek, Qozog‘iston Rossiya bilan yaqinlashishning boshqa oqibatlariga ham to‘qnash keldi: Qrimning anneksiya qilinishi ortidan Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar Qozog‘istonga ham ta’sir etmasdan qolmadi.

Bu Qozog‘istonning “dunyo kun tartibidan pirillab chiqib ketishiga” olib keldi.

Shu omillarning o‘zi milliy qozoq ziyolilari orasida Rossiyaga qarshi kayfiyatning o‘sishiga olib keldi.

Oxirgi paytlarda qozoqlar orasida Rossiya raisligidagi iqtisodiy ittifoqdan chiqishga chorlovlar tez-tez yangramoqda.

Qirg‘iziston: Rossiyaga qaramlikning kuchayishi

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish Qirg‘iziston uchun ham jiddiy sinovlarni olib keldi.

Qirg‘iziston Xitoydan MDH davlatlariga reeksport yo‘lining yopilishi bilan bog‘liq jiddiy muammoga to‘qnash keldi. Sababi – YEOII talabiga ko‘ra, iqtisodiy ittifoq a’zosi hisoblanmagan mamlakatdan import qilinadigan tovarlarga bo‘lgan tariflarning o‘zgarishi.

Reeksport bilan shug‘ullanadigan firmalar xonavayron bo‘ldi {reeksport – bir mamlakatdan kelgan tovarlarni boshqa mamlakatlarga eksport qilish}.

Shunday bir paytda mahalliy qirg‘iz bozori Rossiyadan kelgan kontrabanda tovarlari bilan to‘lib toshdi. Tovarki, juda arzon va juda sifatsiz.

Reeskportning birdaniga kamayishi tufayli Qirg‘iziston Rossiyadan yuboriladigan ishchi-muhojirlarning pul jo‘natmalariga yanada qaram bo‘lib qoldi.

2017 yilning birinchi to‘qqiz oyligida Rossiyada ishlovchi qirg‘izistonliklar uylariga 1.6 mlrd dollar jo‘natdi, bu 2016 yilga taqqoslaganda 320 mln dollarga ko‘p.

Rossiya boshqa foydani ko‘zlamoqda

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi faqat Rossiya uchun foydali. Zaif iqtisodli kichik mamlakatlarning “katta og‘a”ga ko‘proq tovar va xizmatlarni sotish imkoniyatini qo‘lga kiritishni kutishi qo‘shnilarimiz misolida o‘zini oqlamadi.

Qirg‘izistonliklar inflyasiya foydani yeb borayotganidan aziyat chekmoqda, bu yoqda esa mamlakatning moddiy pishiqligi tugab bormoqda.

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi Qirg‘izistonga ko‘proq umidsizlik keltirdi. Gidroelektrostansiya qurilishi haqidagi strategik loyihaning barbod bo‘lishini eslash kifoya.

Qirg‘izlar ittifoqqa qo‘shilish arafasida Rossiya ularga Jalolobod viloyatidagi Qambarota GESini qurishni moliyalashtirishga va’da bergan edi, lekin “katta og‘a” o‘z va’dasini esdan chiqardi. Bu loyiha Qirg‘izistonning energoxavfsizligi yo‘lidagi eng muhim loyiha edi.

Arman Kaliyev, Almati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!