Eslatma! Bu yil abituriyentlar hujjat topshirmaydi

Eslatma! Bu yil abituriyentlar hujjat topshirmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 mayda “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu qaror asosida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilishda ko‘pgina yangilik va o‘zgarishlar kiritildi.

"Zarafshon" nashriga ko‘ra, endilikda abituriyentlar oliy ta’limga kirish uchun hujjat topshirmaydi, faqatgina shaxsini tasdiqlovchi pasport (guvohnoma) va umumta’lim yoki o‘rta maxsus muassasasini bitirganlik to‘g‘risidagi ma’lumot asosida oliy ta’lim, Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tgan yigit-qizlarga DTM o‘z saytida “Shaxsiy kabinet” ochiladi. Abituriyentlarning o‘zlari pasport seriya va raqamlari orqali “Shaxsiy kabinet”lariga kirib, test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beruvchi DTM elektron varaqasini chiqarib olishadi.

Abituriyentlarga qabul va test sinovlaridagi o‘zgarishlarni yetkazish maqsadida viloyatimizning barcha tumanlarida tadbirlar hamda qabul komissiyalarining mas’ul xodimlari ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazildi.

Endilikda abituriyentlar nafaqat o‘qish istagida bo‘lgan oliygohi, balki boshqa oliy ta’lim muassasasi orqali ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Pasport yoshiga yetgan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish paytida suratga tushishi talab qilinmaydi. Ular test sinovlarida qatnashish paytida barmoq izini skaner qiluvchi qurilmaga barmoq tekkizadi va shaxsi tasdiqlangach jarayonda qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 15 iyunidan boshlanadi va kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi.      


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!