Dunyoga muhabbat qo‘yishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari

Dunyoga muhabbat qo‘yishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari

Dunyoga aldanib qolishdan ehtiyot bo‘laylik. Haqiqiy zohid oyat-hadislarni o‘qigani sari o‘z mavqeida tobora mustahkam o‘rnashib boradi. Dunyoning arzimas mato ekaniga va unga aldanib qolishdan ehtiyot bo‘lish lozimligiga yana bir bor iymon keltiradi. “Yo‘q, sizlar, hayoti dunyoni ustun qo‘yursizlar! Holbuki Oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir”. (“A’lo” surasi, 16-17-oyatlar). “Ularga ayting: “Dunyo matosi ozginadir. Allohdan qo‘rqqan kishiga Oxirat yaxshiroqdir”. (“Niso” surasi, 77-oyat). “...Bas, hargiz sizlarni hayoti dunyo aldab qo‘ymasin va hargiz sizlarni “g‘arur” (ya’ni shayton) Alloh (gunohni kechib yuboradi degan aldov) bilan aldab qo‘ymasin”. (“Luqmon” surasi, 33-oyat). “(Mushriklar) mana shu hayoti dunyo bilan shod-hurram bo‘ldilar, holbuki bu hayoti dunyo Oxirat oldida faqat bir arzimas matodir”. (“Ra’d” surasi, 26-oyat).

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflarini odamlar o‘rab olgan holda bozor yonidan o‘tdilar. So‘ng quloqlari tagidan kesib tashlangan uloqcha jasadi yonida to‘xtab, uning (kesik) qulog‘idan ko‘tardilar.

– Qay biringiz manavini bir dirhamga olishni istaysiz? – dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam.
– Biz uni tekinga olishni ham istamaymiz. Uni nima qilamiz?! – deyishdi sahobalar.
– Uni tekinga ham olmasmidingiz?
– Allohga qasamki, agar u tirik bo‘lganda ham, uni xohlamas edik. Chunki uning quloqlari kesik! Qanday qilib, o‘lik holida unga ko‘nglimiz chopsin?!
– Allohga qasamki, sizlarga manavi uloqcha qanchalik xor-haqir ko‘rinsa, Alloh taolo nazdida dunyo bundan-da xorroqdir! (Muslim rivoyatlari).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Oxirat oldida dunyo xuddi biringizning barmog‘ini dengizga tiqib olganidek, xolos: ko‘rsin-chi, u qanchayam narsa olib chiqarkin”. (Muslim rivoyatlari)*.

*“AL-VOFIY fiy sharhil-arba’iyn an-navaviyya” 1995, Bayrut, 8-nashr, 233-243 sahifalar.

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus 
Islom bilim yurti talabasi
Shamsiddinxo‘ja SULAYMONOV

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!