Davlat soliq qo‘mitasidan so‘rovnoma: yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqqa qanday tortilishi kerak?

Davlat soliq qo‘mitasidan so‘rovnoma: yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqqa qanday tortilishi kerak?

Bugungi kunda keng muhokama bo‘layotgan mavzulardan biri yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Soliq siyosati konsepsiyasida yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanayotgan faoliyat turlarini tanqidiy ravishda ko‘rib chiqish topshirilgan edi.

Bugungi kunda, yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 333,6 ming nafardan oshib ketdi, ularning104,5 mingtasi (31,3%) faoliyat ko‘rsatmaydi.

Masalaning mohiyati, soliq stavkalari shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun talab etiladigan sarf-xarajatlarning yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lib, endi tadbirkorligini boshlagan fuqaro hali foyda olmasidan oldin, davlat ro‘yxatidan o‘tish yig‘imidan boshlab, soliqlar, ijara to‘lovi, nazorat-kassa mashinasi sotib olish va terminal ijarasi bilan birga faoliyat joyiga qarab 2,5 million so‘mdan 8,5 million so‘mgacha mablag‘ sarflashi kerak. Bundan tashqari, tanlagan biznesiga qarab tovar sotib olishi, kredit foizlari, transport va boshqa xarajatlarni amalga oshiradi.

Masalan, Toshkent shahrida chakana savdo faoliyati uchun tadbirkor eng kam ish haqining 7 barobari, ya’ni 1,2 million so‘m qat’iy soliq va 172 ming so‘m sug‘urta badali yoki jami 1,4 million so‘m atrofida soliq to‘lashi kerak. Nukus shahri va viloyatlarning markaziy shaharlarida eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida qat’iy soliq to‘lanadi.

Natijada, bunday xarajatlarni qoplashning imkoniyati chegaralanib, aynan dastlab ochilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.

Bu masalaning bir tarafi bo‘lsa, ayrim tadbirkorlar, ochig‘ini aytishimiz kerak, bugungi kunda yirik savdo ob’ektlari yoki korxonalar amalga oshirmaydigan 20-30 milliard so‘m tovar aylanmalari yoki katta ishlab chiqarish sexlarini yakka tadbirkor maqomi ostida ushlab, o‘sha sotayotgan tovarlari soliq summasidan ham kam kichik savdo do‘konchalarining soliq summasini to‘lamoqda. Bu esa olingan daromadlarni soliqqa tortishda adolat tamoyillarining buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Boshqa mamlakatlarda bu qanday tartibga solingan degan tabiiy savol tug‘iladi?

Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Latviya va boshqa davlatlarning ish tajribasida dastlab ish boshlagan tadbirkorlarga soliq ta’tillarini berish yoki tadbirkorlarning oladigan daromadiga qarab soliqqa tortilmaydigan va tovar aylanmalarining yuqoriligiga qarab boshqa soliq tartibiga o‘tishi kerak bo‘lgan chegaraviy miqdorlar belgilangan. Ya’ni, mulk shakli yakka tartibdagi tadbirkor maqomida qolsada, tovar aylanmasi oshib borgani sari, soliq rejimi o‘zgarib boradi. Umumbelgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda va boshqa soliqlarni to‘lovchisi bo‘lishi mumkin.

Kichik biznesiga ega, olayotgan daromadi belgilangan chegaralardan oshmaydigan yakka tadbirkorlar esa, bazaviy miqdorda, boshqa fuqarolar kabi, olgan daromadiga qarab daromad solig‘i stavkalarida soliq to‘laydi.

Bizda ham yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan soliqning toshu tarozisini topayotgan daromadiga qarab, adolatli qilib belgilab berilsa, faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlar faoliyatini tiklab, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashirin ishlayotgan fuqarolar kichik biznesini legallashtirishga o‘tgan bo‘lisharmidi?

Xo‘sh, yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqni qanday to‘lashi kerak?  Ushbu masala bo‘yicha fikringiz Davlat soliq qo‘mitasini qiziqtiradi va takliflaringizni org@soliq.uz, pressa@soliq.uz manziliga yuborishingiz mumkin.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!