Chili qalampiri jomboylik fermerlarga zarar keltirdi

Chili qalampiri jomboylik fermerlarga zarar keltirdi

Samarqand viloyatining Jomboy tumani fermer xo‘jaliklari 585 ga yerda 5500 tonna achchiq qalampir yetishtirdi, ammo ushbu hajmdagi qalampirga xaridor topilmadi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

Tumanda achchiq qalampir maydonlarini tashkil qilishga 7 milliard so‘m kredit mablag‘lari jalb qilindi.

Fermerlar o‘zi yetishtirgan mahsulotlarini Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirgandi. Ammo importer mamlakatlarga ushbu mahsulotni olib kirishga vaqtincha taqiq qo‘yilganligi sababli garimdoriga bo‘lgan talab susaydi.

Olingan hosilni hozir Qashqadaryo viloyatining «Bek agro» kompaniyasi sotib olmoqda, ammo kutilgan daromadni fermerlar ololmaydi. Dehqonlar sarflangan mablag‘larni qaytarib olish uchun garimdorini quritishga majbur bo‘ldi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agrarchilarni garimdori yetishtirishga qiziqtirish uchun hosilni qayta ishlashning samarali tizimini shakllantirish lozim.

2017 yilning dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol bo‘yiga tashrifi chog‘ida kamhosil paxta dalalarini qisqartirish, uning o‘rniga chili garimdorisini ekishni tavsiya qilgandi. Yanvarda hukumat achchiq garimdori yetishtirish bo‘yicha qarorni ma’qulladi.

Har yili butun dunyoda 68,3 million tonna achchiq garimdori yetishtiriladi. Bir gektardan hosil 15—20 tonnani tashkil qiladi. 4—5 kg hosildan 1 kg quritilgan garimdori olish mumkin. Mahsulotning 1 tonnasi dunyo bozorida 8640 AQSh dollarni tashkil qiladi, deyilgandi o‘shanda.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilk to‘qqiz oyda qiymati 7,4 million AQSh dollarga teng garimdori eksport qilingan. 15,6 ming gektar yerga garimdori ekish uchun «O‘zbekoziqovqatxolding» Hindiston, Indoneziya va Janubi Koreyadan 15,6 tonna urug‘ sotib olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!