Chechenistonda «Qodirov jamoasidan bo‘lmagan yagona mer» YTH oqibatida halok bo‘ldi

A A A
Chechenistonda «Qodirov jamoasidan bo‘lmagan yagona mer» YTH oqibatida halok bo‘ldi

Chechenistonda OAV tomonidan «Qodirov jamoasidan bo‘lmagan yagona mer» deb e’tirof etilgan Argunning sobiq meri Ibrohim Temirboyev vafot etdi. Sobiq amaldorning yaqinlari bergan ma’lumotlarga tayanib, «Kavkaz.Realii» nashrining xabar qilishicha, Temirboyev Shatoy-Grozniy trassasida sodir bo‘lgan YTHda halok bo‘ldi, deb yozmoqda Meduza.

Temirboyevning yaqini nashrga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘tirgan avtomobil jarlikka qulab tushgan, uning nima uchun o‘sha yerga borgani noma’lum.

Checheniston muxolifatchilarining «1ADAT» Telegram-kanalida yozilishicha, aslida Temirboyevning joniga qasd qilingan, YTH esa shunchaki qotillikni berkitish uchun o‘ylab topilgan bahona. «Ba’zi manbalarda uning bir hafta oldin, ba’zilarida esa kecha o‘ldirilgani aytilmoqda», — deyiladi kanal xabarida.

15 yillik Argun meri lavozimidan keyin Temirboyev 2019 yilda nafaqaga chiqarilgan edi. Bu Checheniston elitasining keng ko‘lamli «tozalash ishlari» doirasida amalga oshirilgan.

Nafaqaga chiqqach, Temirboyev hibsga olingan va bir yarim yil maxfiy qamoqxonada saqlangan. «Novaya gazeta»ning ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq amaldorning «bu soqollilarga emas, Rossiyaga sodiqligi»ni aytgan telefon yozuvlari uning hibsga olinishiga asos bo‘lgan. Uning o‘rniga mamlakat rahbarining 28 yoshli qarindoshi Xas-Magomed Qodirov Argun meri etib tayinlangan.

Ibrohim Temirboyev 2021 yilning boshida ozodlikka chiqarilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning mart oyida Xas-Magomed Qodirov Checheniston Respublikasi poytaxti Grozniy meri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

BBC Russia ma’lumotlariga ko‘ra, Xas-Magomed Qodirov Ramzan Qodirovning jiyani hisoblanadi, «Kavkaz.Realii» nashri esa uni Checheniston rahbarining ukasi (chetveroyurodniy brat) deb atagan. Ularning qarindoshligi rasman tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, Ramzan Qodirov Xas-Magomed Qodirovni ko‘p marotaba «ukam» deb atagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!