Buyuk Britaniyada sahobalar davrida yozilgan Qur’oni karim topildi

Buyuk Britaniyada sahobalar davrida yozilgan Qur’oni karim topildi

Birmingem universitetining olimi Mari Sviyergula 2015 yil 22 iyulda Angliyaning Birmingem shahrida topilgan Qur’on qo‘lyozmasini uglerod tadqiqotlari bilan tasdiqlangan va qo‘lyozma Muhammad payg‘ambar alayhissalom davrlarida yozilgan degan fikrda. Universitetning xabar berishicha, qo‘lyozma VII asrning boshlariga oid muqaddas Islom dinining "ajoyib darajada tushunarli" matni bilan to‘ldirilgan ikki varaqdan iborat.

Qo‘lyozma O‘rta Sharqqa oid qator boshqa kitoblar va hujjatlar bilan birga saqlangan, ammo hech kim ushbu hujjatlar bilan birga Qur’onning dunyodagi eng qadimgi nusxalaridan biri saqlanganligini bilmagan. Hujjatlar bir asr davomida universitet kutubxonasida yotgan va hech kim ularga e’tibor bermagan.

Britaniya kutubxonasi qo‘lyozmalar bo‘yicha mutaxassisi doktor Muhammad Iso Vali bu ajoyib topilma musulmonlarning qalbiga quvonch keltirganini aytadi. Yoshini aniqlash uchun qo‘lyozma radiouglerodli tekshiruvdan o‘tkazilgan va olimlar natijani ko‘rgandan keyin qattiq hayajonda qolishdi.

Universitetdagi maxsus guruhlar direktori Syuzan Uorrollning aytishicha, hujjat bu qadar qadimiy bo‘lishi mumkinligi tadqiqotchilarning xayoliga ham kelmagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilk arab xat turlaridan biri bo‘lgan Hijoz usulida yozilganidan bu dunyodagi eng qadimgi Qur’on nusxalaridan biri hisoblanadi.

Oksford universitetining radiouglerod texnologiyasi bo‘limining tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, matn qo‘y yoki echki terisiga yozilgan. Ushbu tekshiruv qo‘lyozmaning yoshini 95 foiz aniqlik bilan aniqladi va ushbu terilardagi matn milodiy 568-645 yillar oralig‘ida yozilganligini ko‘rsatdi.

"Men ushbu sahifalarni ko‘rganimda juda ta’sirlandim", dedi Birmingem Markaziy masjidi kengashi rahbari Muhammad Afzal.

Britaniya kutubxonasidan fors va turk qo‘lyozmalarining taniqli mutaxassisi doktor Valining aytishicha, chiroyli va hayratlanarli darajada tushunarli Hijoziy xat turida yozilgan ushbu ikki o‘ram qog‘oz xulafoi roshidiynlar zamonida yozilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!