"Bravo"ning konsertiga munosabat: komediyaga aylangan fahsh!

"Bravo"ning konsertiga munosabat: komediyaga aylangan fahsh!

Ushbu maqolada jurnalist Xurshid Serobov o‘zbek kulgu san’ati maishiy-intim mavzudan chiqib keta olmayotgani haqida mulohaza yuritadi.

Keyingi yillarda Hojiboy Tojiboyev kabi “xalqdan olib xalqqa beradigan” qiziqchilar soni nihoyatda kamayib bormoqda. Ayniqsa, qiziqchilar jamoasining teatrlashgan konsert dasturlari internetda eng ko‘p ko‘rilayotgan, muhokama bo‘layotgan dasturlarga aylanib ulgurdi.

Yaqinda diski chiqib tezda ommalashib ketgan “Million” jamoasining yangi konsert dasturini "Youtube"da 9 mln. 392 mingdan ortiq kishi ko‘rgan. Jamoaning to‘rt a’zosi guruhdan ketganini ma’lum qilib, yangi “Milliy art” jamoasini tuzishgan. “Beldan pastga” hazil qilsa-da, kamida 9 mln. 392 ming muxlisi bor yangi jamoa “milliy san’at” ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Konsert dasturi taqdim etishayotganda esa yangi jamoa “Bravo” deb nomlanganiga guvoh bo‘ldik.

“Bravo” jamoasi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida 11 – 16-sentyabr kunlari ilk konsert dasturini taqdim etdi. Konsertdan avval internetda jamoa a’zosi Otabek Mirzaxolovning intervyusi tarqalgan edi. Unda Otabek Mirzaxolov yangi jamoa “+18” hazillar qilmasligini, jamiyatdagi muammo va kamchiliklarni hajv qilishini aytib o‘tgandi.

Konsert dasturiga odam nima maqsadda kiradi? San’at saroyi eshigi yonida kutib turgan, o‘zini talaba deb tanishtirgan muxlislardan biriga shu savolni berdim. “Million"dan zo‘r chiqsa kerak. Men maza qilish uchun kirayapman. Qizlarning ustidan kulamiz, yangi prikollar chiqib qolar” degan javobni eshitdim.

Aksar yoshlar “trendga yangi prikol qo‘shish” uchun kirishadi. Kimnidir mazax qilish uchun “Bravo” jamoasi ishlatgan “mazax”lardan foydalaniladi.

Jamoadan yangi narsa (taxminan bugun jamiyatda urchib yotgan korrupsiya, GM mashinalari narxining to‘xtovsiz oshishi, laganbardorlik va hokazolar hajv qilinishini) kutgan holda san’at saroyiga kirdim.

Dastur bir necha qismga bo‘lingan. Dastlabki qismda salomlashuv va qisqa hazillar. Salomlashuvning o‘zidayoq “beldan tepaga” chiqmagan qiziqchilar maqsadlarini bildirishdi.

“Qatortol”, “yama”, “ot” va hokazo so‘zlarga urg‘u berilib, ulardan kulgi yasashga urinilgan.

“Angliyada o‘rta asrlardagi sud” nomli teatrlashgan sahna ko‘rinishida bugungi odamlar fe’lidagi ayyorlik, kaltabinlik kabi jihatlar hajv qilingan. Bir qarashda “Angliya sudi”, “o‘rta asr” kabi izohlar “jamiyat”ni yashirishdek tuyuladi. Tomoshabinni tagma’no chiqarishga undaydi. Lekin hazillar tobora maydalashib “erotik kulgi”dan uyog‘iga o‘ta olmagan.

Yana bir hajviy ko‘rinishda urushdan qaytgan er xotini bilan uxlab yotibdi. Shunda to‘satdan er “otaman, paq-paq” deb shovqin qiladi. Xotin esa qofiyali gapiradi: “Adasi, otsayiz oting, bo‘masa yoting”.

Albatta, butun zal gurros kuladi. Uyat nima edi o‘zi deb o‘ylanib qoladi odam. O‘zim ham beixtiyor kulaman, lekin nahotki bu gaplar sahnada aytilayapti degan pafosda qolaman.

Keyingilarini kuzatamiz.

“Robinzon Kruzo va Jumavoy” nomli teatrlashgan sahna ko‘rinishi yaxshi prolog bilan boshlangan. “Robinzon”ning parodiyasi sifatida taqdim etilgan bu sahna ko‘rinishida “Robinzon” chiqib, “Xayriyat, bu yerda falon odamlar, falon laganbardorlar yo‘q” deb toza sferaga kelib qolgandek gapiradi. Jumavoy chiqib kelishi bilan “sahna ko‘rinishi” yana komik seksizmga aylana boshlaydi.

Dasturda e’tiborli bir sahna kuzatildi: chekka qishloqlardan biriga TV xodimlari keladi. Shunda boshlovchi sodda bir odamga “Necha pul oylik olasiz?” deydi. “Sodda odam” boshlovchiga qarab “Oylik... nima u?” deydi va qo‘shib qo‘yadi: “Shahardagi odamlar qilgan ishiga pul oladimi?” Biroz bo‘rttirilgan hajv bo‘lsa-da, oylik ish haqi masalasidagi ijtimoiy muammo satirik usulda biroz ochilgan.

“Qishloqdagi bitiruv kechasi” sahna ko‘rinishi ko‘pchilikni qiziqtirdi. Katta yoshlilarni yoshlikka qaytaradigan, ko‘p narsalarni eslatadigan yaxshi ko‘rinish. Ko‘rinishda uzoq yillardan beri taqiqda yurgan Dadaxon Hasanning “Bir kecha mehmoning bo‘lay” qo‘shig‘i ijro etildi. Lekin qo‘shiqdan ham muxlislarda “erotik kulgi”ni uyg‘otish uchun foydalanilgan. Agar shu ko‘rinishdan xulosa chiqarish mumkin bo‘lsa, anglashiladigan holat: maktab o‘quvchilari fahshdan boshqa narsani o‘ylamaydi.

Yana bir teatrlashtirilgan ko‘rinish “Uch yillik harbiy xizmatda” deb nomlangan. Harbiy xizmat hayotidan kulgili holatlarni istagancha topsa bo‘lardi, lekin “san’atkorlar” yana “fahsh”dan kulgi izlashgan. Ko‘rinishning bir joyida askar yigitni yotqizib uning ustidan kulish sahnasi bor. Bu shunchaki kulish emas, geylikka ishora bor. Shu joyiga kelganda tomoshabinda yomon kayfiyat paydo bo‘ladi. Bu sahna chidab bo‘lmaydigan sahna.

Qiziqchilar jamiyatdagi muammolarni satirik fosh qilishi orqali san’atkorlik darajasini ko‘rsatadi. Lekin “Bravo” jamoasi maishiy mavzular orasida qolib ketgan va sahna etikasini unutgan.

Hojiboy Tojiboyevning “xalqdan olib xalqqa berish” tamoyilini bravochilar ham o‘zlashtirgan bo‘lsa xalqimizda shunday beparda gaplar ko‘p. Lekin sahna etikasida bu gaplar filtrlanishi kerak. Axir san’at ahlida “sahna – muqaddas” degan aqida bor. Sahnaga “fahsh so‘z”larni olib kelib shu bilan tomosha ko‘rsatgan “Bravo” jamoasi komediya niqobidagi fahsh targ‘ibotida yana bir qadam tashladi.

4200 kishi konsertdan qanday “ma’naviy oziq” olib chiqqanini qo‘ya turaylik. Agar bu dastur disk holida chiqsa, "Youtube"ga qo‘yilib, yana 9 million odam ko‘rsa, demak, keladigan bekatimizga kelganimiz haqiqat. Buning oldini olish kerak. “O‘zbekkonsert” badiiy kengashi dasturni ko‘rdimikan degan savol bor.

Konsert dasturidan xulosa bitta: “Bravo” jamoasi intim gaplar bilan kuldiradi, xolos! Komediyaga aylangan fahsh uchun “bravo”!

Xurshid Serobov

Jurnalist

Manba: turon24.uz

 

Eslatma! Muallifning fikri sayt fikridan farqlanishi mumkin!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!