Bozor laboratoriyasi xodimlari jurnalistlarga nega oldin musht ko‘tarishdi?

Bozor laboratoriyasi xodimlari jurnalistlarga nega oldin musht ko‘tarishdi?

Bugun yurtimiz dehqon bozorlariga kirgan kishi yilning to‘rt faslida ham bozor peshtaxtalari sadafdek terilgan sarxil ranglardagi meva-sabzavot, poliz mahsulotlari bilan to‘la ekanligining guvohi bo‘ladi. Ayni paytda esa, yoz fasli o‘z tarovati va saxovatini namoyon etmoqda.

Chunki bog‘larda pishiqchilik boshlangan, mevalar bolga to‘lgan. Bu rizq-u nasibamiz butunligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi belgisi bo‘lib, ularning shifobaxsh xususiyatlari zaminimizning betakror, beqiyos va beminnat ekanligidan dalolatdir. Ammo sotiladigan barcha mahsulotlar ham sifat jihatdan talabga javob beradimi?

Bu savol har birimizni qiziqtirishi shubhasiz. Bu savol bilan sotuvchilarga yuzlanamiz. Veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriya bo‘limi xodimlari tomonidan sizning mahsulotingiz tekshiruvdan o‘tkazildimi? Ular tomonidan sizga mahsulotingiz iste’molga yaroqli yoki yaroqsiz degan xulosa varaqasi berildimi? kabi savollarga, afsuski, sotuvchilarning aksariyati javob bera olmadi.

Dehqonlarning aytishicha, Tayloq tuman dehqon bozorida faoliyat yuritayotgan Veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasi bo‘limi xodimlari laboratoriya tekshiruvi uchun har bir sotuvchining mahsulotlaridan, aniqroq qilib aytganda, kartoshka, piyoz, sabzi, baqlajon, pamidor, bodring va hokazo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barchasidan bir donadan, yana eng saralaridan olib ketishgan. Ushbu bozor kunida go‘sht va sut mahsulotlaridan 200 gramdan laboratoriya tekshiruvi uchun olinadi. Lekin, laboratoriya tekshiruvi natijasi xaqida sotuvchilar xabardor qilinmagan. Dehqonlar ekspertiza laboratoriya xodimlari mahsulotimizdan keragicha oldi, bo‘ldi. Ularning vazifalari shu­lar­­­dan iborat, deb o‘ylashsa kerakda.

Negadir ushbu masala bizni qiziqtirib qoldi. Bozorda faoliyat olib borayotgan Veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasi bo‘limi faoliyati bilan tanishish maqsadida bo‘limga tashrif buyurdik. Bo‘limning eshigiga "otning kallasidek" qulf osilgan, xodimlardan esa darak yo‘q. Bir  amallab yon atrofdagilar orqali Tayloq tuman hayvonlar kasalliklari  tashxisi va oziq ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktori Mirkamol Murodov hamda ekspertiza laboratoriyasi bo‘limi mudiri Oxunjon Norboyevlarni topishga muyassar bo‘ldik. Mutasaddilarni tinchi buzildi,  shekilli, bizga "xazinasiga tushgan o‘g‘ri"ga qaragandek qarar edi. Laboratoriya faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerdagi ish faoliyati qoniqarsiz, ish esa "o‘lda-jo‘lda" ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Sababi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrimlari  laboratoriya xonasigacha keltirilgan-u, ammo tekshiruvdan o‘tkazilmagan. Kun yarmiga kelgan bo‘lishiga qaramay, mahsulotlar sellofan paketdan chiqarib ham qo‘yilmagan. Guvohi bo‘ldikki, mahsulot kesib, qirqib yoki netrotest apparati orqali tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida birorta hujjat ham rasmiylashtirilmagan. Laboratoriya uchun juda kerakli hisoblangan ikkita muzlatgich ham allaqachon "o‘z vazifasini ado etib bo‘lgan". Namuna uchun olingan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat  mahsulotlari hamda laboratoriya tekshiruvida ishlatiladigan dori vositalarini saqlashda foydalaniladigan muzlatgich, umuman, ishga yaroqsiz holda turibdi. 

 Markaz direktori Mirkomil Murodovning aytishicha, mahsulotlarni net­rotest, mikon, lotan, mikroskop hamda 18 turdagi kimyoviy tek­­shirish dori vositalari orqali laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilar ekan. Nima emish, bugun bozorda mahsulotlar netrotest apparati yordamida tekshirilishi kerak edi, lekin net­rotest apparatimizning quvvati tugab qolganligi bois tek­­shiruvlarni amalga oshira olmadik.

Ana xolos, apparatning quvvati tugab qolsa-yu, butun boshli tonna-tonna mahsulotlar laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmagan holda sotilib ketaversa, aholi oziq-ovqat mahsulotlarini kasallikka chalingan yoki chalinmaganligini bilib-bilmay iste’mol qilaversa, "ko‘za kunda emas, kunida sinmaydimi", axir. Tayloq tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining faoliyati shu yo‘sinda davom etaversa, oziq-ovqat mahsulotlaridan tarqalishi mumkin bo‘lgan kasalliklar uchun kim javob beradi? Ertaga aholi orasida biror-bir kasallik tarqaladigan bo‘lsa, buning tovonini kim to‘laydi?

Laboratoriya bo‘limi mudiri Oxunjon Norboyevga bugun bozorga necha turdagi qishloq xo‘jaligi hamda sut va go‘sht mahsulotlari sotuvga keltirilganligi, kasalliklarning oldini olish maqsadida ularning qanchasi laboratoriya  tekshiruvidan o‘tkazilganligi va qanchasi iste’molga yaroqli yoki yaroqsiz deb topilganligi haqida savol bilan murojaat qildik. Savol berdig-u baloga qoldik. Buni qarangki, Oxunjon ukamiz «Zakunchi» chiqib qoldi. "Sizlarga bu yerga kelishga kim ruxsat berdi?", "Bu yerga kelishga buyrug‘ingiz bormi?", "Yuqori tashkilotlarimizga uchrashdingizmi?" deya bizlarni savolga ko‘mib tashladi. "Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar" deganlari shu bo‘lsa kerakda.

 Samarqand tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavf­sizligi davlat markaziga bo‘lgan tashrifimiz ham og‘ir kechdi. Markaz xodimlaridan biri "rahbarimiz A’zam Atayev bilan telefon orqali bir gaplashing" deb telefon apparatini tutqazdi. Telefon orqali muloqotda suhbatdoshimiz gapni "sol belidan" qilib boshladi. "Sizlarni kim chaqirdi, kim jo‘natdi?", "Hokimiyatga bordingizmi?, "Viloyat tashkilotimizga bordingizmi?". Menga xech kimni tashkilotga kiritmaysan de­yishgan. Men sizni tashkilotimga kiritolmayman".

— Shu gaplarni sizga kim aytgan biz ham bilaylik?

— "Man" aytayapman, "man" deyishdan nariga o‘tmadi.

"Otanga bor-onanga bor" kabi tanish va ta’bir joiz bo‘lsa, yoqimsiz so‘zlari bilan A’zamjon akamizning o‘dag‘aylashi Oxunjon ukamiznikidanda oshib tushdi. Vaholanki, "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi Qonunning tegishli moddalarida O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkinligi, Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega ekanligi hamda Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘s­qinlik qilish yoki aralashish ta’qiqlanishi belgilab qo‘­yilgan".

Idoraning anchayin ta’mirtalab bo‘lib qolganligi, markaz xodimlari "Qish g‘amini yozda ye" degan naqlga amal qilgan ko‘rinadi, shekilli, markaz hovlisida keng joy bo‘la turib qishlov uchun  bir talay o‘tinlarni ichkariga laboratoriya xonasining shundoqgina kirish eshigi oldida  joylab qo‘yishibdi. "O‘zingni ehtiyot qil qo‘shningni o‘g‘ri tutma" degan maqolga amal qilgan bo‘lsa kerakda. Nima emish tashqarida o‘tinlarni o‘g‘irlab ketar ekan. Qishda o‘tinsiz qolar emish. Ha, shu o‘rinda aytish joizki, bu yerga tashrif buyurayotgan har bir kishi A’zam Atayev yoki markaz xodimlarini bekorchilikdan yoki bo‘lmasa, sog‘inganidan kelmaydi. Balki ish faoliyati zarurati yuzasidan tashrif buyuradilar, xolos.

Tayloq va Samarqand tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari xodimlari va rahbarlari o‘z tashkilotlarini Ommaviy axborot vositalari xodimlaridan "qo‘riqlash" o‘rniga markaz faoliyatini oziq-ovqat mahsulotlari orqali aholi orasida tarqalishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olishga alohida e’tibor qa­ratsa, dehqon bozorlarida laboratoriyalar faoliyatini talab darajasida yo‘lga qo‘ysalar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli kasalliklarning oldi olinishi kafolatlangan bo‘lar edi. Mutasaddilar "boshidan do‘ppisini olib", yuqoridagi yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish borasida bosh qotirsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Biz bu mavzuga, albatta, qaytamiz.

Yunus MIRZAYEV,

Sherzod QURBONOV.

“Jamiyat va Qonun” gazetasi muxbirlari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!