Birinchi til va ikkinchi til o‘rtasidagi farq. Ikki tilni teng o‘rganish uchun nima qilish kerak?

Birinchi til va ikkinchi til o‘rtasidagi farq. Ikki tilni teng o‘rganish uchun nima qilish kerak?

Ona tili birikmasini ko‘p eshitamiz. Uning ilmiy va maishiy ta’rifi bor. Maishiy jihatdan til millatga bog‘lanadi. Ya’ni o‘zbekning ona tili o‘zbek tili bo‘lishi kerak deb tushuniladi. O‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbek ona tilini bilmaydi deyiladi. Ilmiy jihatdan esa odamning tili qaysi tilda chiqqan bo‘lsa, o‘sha til uning ona tili hisoblanadi. Ya’ni millati o‘zbek bo‘lgan odamning tili ruschada chiqsa, uning ona tili rus tili bo‘ladi.

Shunday qilib, ona tili bu biz bolalikdan gapira boshlagan tilimizdir. Ona tilini o‘rganish chet tilini o‘rganishdan ancha oson. Negaki ushbu jarayon bolalikda, hali inson aqlini tanimaganda ro‘y beradi. Barcha axborot avtomatik tarzda ongostiga ko‘chib, hozircha biz tushunmaydigan neyrolingvistik mexanizmlar negizida tizim holiga keladi, buning natijasida bola hech qanday maxsus tayyorgarliksiz shu tilda to‘ppa-to‘g‘ri gapira boshlaydi.

Bu usul chet tilini o‘rganishning odatiy mexanizmidan (grammatikani o‘rganish, lug‘at yodlash, amaliyot qilish, testlar ishlash, matnlar o‘qish, filmlar ko‘rish va hokazo) ancha oson va tez kechadi. Natija esa har doim yuz foizlik bo‘ladi. Faqat uning bir minusi bor bu mexanizm odam aqlini tanishidan oldingina ishlaydi.

Aql tanilgach, tilni rasionalizasiya qilishga ehtiyoj tug‘iladi, ya’ni axborot bevosita ongostiga ko‘chmaydi, har bir yangi axborotni tahlil qilib, u nega bunday? , bu nega bunday? deb tushunishga uriniladi, qonuniyatlar izlanadi, axiyri axborotning o‘zidan tashqari qonuniyatlarni ham o‘zlashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu til o‘zlashtirishni qiyinlashtiradi.

Buni payqagan odamlar qadimdan yoshlarga bittadan ortiq tilni oson o‘rgatish uchun ona tili mexanizmidan foydalanib kelishgan. Ya’ni aqlini tanimagan bolalarga bir yo‘la ikki yoki uch tilda gapirilgan. Buning natijasida ikki va undan ortiq tilni ona tili darajasida biladiganlar bilingvlar va trilingvlar paydo bo‘lgan.

Agar bolangiz ko‘proq tilni bilishini istasangiz, ona tili metodidan foydalanishni maslahat beraman. Bolalarga ikki-uch tilda gapirib borish juda yaxshi samara beradi, buning natijasida u maktabda rus yoki ingliz tilini o‘zlashtirishga vaqt va kuch sarflamaydi.

Jarayonni bolaning tili chiqmasidan boshlash juda muhim. O‘z tajribamda sinaganman: o‘zbekchada tili chiqqan bolaga uch yoki to‘rt yoshida ruscha gapira boshlasangiz, yoshi kattalardan osonroq o‘zlashtiradi, lekin baribir qo‘shimchalarda va grammatik kategoriyalarda xato qiladi (masalan, jinslarni (rodlarni) chalkashtiradi, zamonlarni tushunishga qiynaladi). Faqatgina maktabga borgach bu kamchiliklar uning nutqidan chiqib ketadi.

Shuning uchun bola hali gapirishni o‘rganmasidan unga navbatma-navbat o‘zbekcha, ruscha va iloji bo‘lsa inglizcha gapiring (aralashtirib yubormaslik kerak, aks holda bola barchasini bitta til sifatida qabul qiladi), natijada uchta tilda ham bexato gapirib tili chiqadi.

Manba: ufq.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!