Bir kunda qancha suv ichasiz?

Bir kunda qancha suv ichasiz?

Shifokorlarning aytishicha, qonimizning 83 foizi, suyagimizning 22 foizi, muskullarimizning 76 foizi, miyamizning  85 foizi suvdan iborat ekan. Tanamizda sodir bo‘layotgan har qanday holat, deyarli suv bilan bog‘liq.

Masalan, biz nafas olish va chiqarish evaziga kun davomida yarim litr, bir sutkada esa 1,5 litgacha suv yo‘qotamiz. Suv organizmdagi yog‘, kraxmal va boshqa minerallarni eritadi hamda qon to‘qimalaridagi hujayralarni va organizmdagi toksinlarni tozalaydi.

Turli xildagi gazli ichimliklar, sharbatlar, choy va qahva inson organizmi uchun kerakli miqdordagi suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirolmaydi. Qiyoslash uchun, siz kiyimlaringizni yuvish uchun suvdan foydalanasizmi yoki choydan? Albatta, suvdan! Shunday ekan, inson tanasi ham tabiiy suvga doim ehtiyoj sezadi.

Agar sizning tanangiz kerakli miqdordagi suv bilan to‘yinmasa, unda turli muammolar kelib chiqa boshlaydi. Bu dastlab buyragingiz, so‘ngra jigaringizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hamda organizmdagi yog‘larning parchalanish jarayoni sekinlashadi va inson ortiqcha vazn yig‘a boshlaydi.

Inson miyasining 85 foizi suvdan tashkil topgani uchun kun davomida yetarli miqdorda suv ichilmasa, bu bosh og‘rig‘iga ham sabab bo‘lar ekan. Olimlarning ta’kidlashicha, inson organizmidagi toksinlar inson terisi orqali chiqib ketadi. Shuning uchun ko‘proq suyuqlik ichish kerak ekan. O‘rtacha 65 kilo vaznli inson ertalabdan kechgacha 2 litr suv ichsa maqsadga muvofiq bo‘larkan. Bu inson organizmi uchun kerak bo‘lgan, kun davomida bo‘lib-bo‘lib  ichiladigan eng kam suv miqdoridir.

Eslatib o‘tamiz, shifokorlar juda sovuq, muz solingan suvni ichishni tavsiya qilishmaydi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, muz solingan suv inson organizmi uchun juda zararli bo‘lib, moddalar almashinuvini sekinlashtirib, kishining ortiqcha vazn yig‘ishiga sabab bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!